Qariyb 950 yoshli Sayrob chinorlari
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo xushmanzara manzillarga boy. Boysun tumanidagi Sayrob qishlogʻi haqida gap ketganda, avvalo koʻz oʻngimizda yoshi salkam ming yillik ikki tup chinor gavdalanadi.
Koʻhna chinorlar tanasida katta kovak boʻlsada, ular qariyb 950-yildan buyon yashnab turadi. Chinor kovagi oʻtgan asr boshlarida bir muddat askarlar qarorgohi, 1920-yilda qishloq kengashi idorasi, 1932-1934-yillarda kutubxona faoliyat olib borgan. Keyinchalik qishloq savdo doʻkoni, maktab, choyxona, sartaroshxona sifatida ham foydalanilgan. Sayrob chinorlari tabiiy yodgorlik sifatida muhofazaga olingan. Hozirda chinorlar kovagida moʻjazgina muzey tashkil etilgan.
U yerdagi baliqlar ham mashhur. Ushbu manzil mahalliy va xorijlik sayyohlarning sevimli maskanlaridan. Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida uzoq yillik tarixga, oʻziga xos turistik ahamiyatga ega. Maskanda sanitariya-gigiyena shoxobchasi, koʻchma savdo doʻkonlari qurilgan. Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borilgan.
Bu qishloqda yana bir sinoat bor. 3 mingga yaqin aholi istiqomat qiluvchi qishloqda na ilgari, na hozir birorta ham qandli diabet kasalligiga chalingan kishi uchramaydi. Buning siri, buloq va baliqlar bilan bogʻliq.

— Bu buloq qishlogʻimizning asosiy ichimlik suv manbai, — deydi mehnat faxriysi Joʻrabek Hasanov. — Deyarli barcha tashib ichadi, aholi doimiy isteʼmol qiladi. Yoshim 70 ga yaqinlashyapti. Shu paytgacha hududimizda birorta odam “saxar” boʻlmagan. Ilgari hech kim, hatto biz ham bundan xabardor emasdik. Bugun chashma suvini hatto qoʻshni viloyatlardan ham kelib olib ketishadi. Bemorlar buning foydasini sezayotganini oʻzlaridan ham eshityapmiz. Qani, olimlarimiz suvni tekshirsa, oʻrganishsa. Bundagi sir-sinoatlarni ilmiy isbotlashsa. Qishlogʻimiz togʻning shundoqqina tagida joylashgan. Buloq suvi ham togʻ tagidan kelyapti. Odamlar suvni togʻ bagʻridan keladi, deb oʻylaydi. Lekin bu togʻ suvsiz, nomi ham “suvsiz togʻ”. Qor ham erta bahordan erib ketadi. Asrlar osha bir xil maromda oqib turuvchi chashma suvi bu togʻda yigʻilmasligi aniq. Suv juda uzoqlardan oqib keladi. Chashmadagi baliqlar bir xil turda, boshqachasi uchramaydi. Ular goh koʻpayib, baʼzida siyraklashib turadi. Baliqlarni hech kim ovlamaydi. Bu baliqni yegan odam bir baloga uchraydi yoki terisi “pes” boʻladi, deb bolaligimizdan uqtirishgan. “Sariq” kasallik bilan ogʻriganlar shu buloqdagi baliqlarga soatlab tikilib tursa, uning terisidagi sariqlik ketishini ham mahalliy aholi oʻz tajribasida isbotlagan.
Qishloq oqsoqoli Joʻrabek otaning mulohazalarini tinglab, Navoiy viloyati Nurota shahar “Chashma” tarixiy-meʼmoriy majmuidagi Chashma buloq hovuzi yodimizga tushadi. Buloqdagi baliqlar Sayrob chashmasi baliqlari bilan bir xil turda. U baliqlar ham ovlanmaydi. Suvlar taʼmi ham bir-biridan deyarli farq qilmaydi. Balki bu ikki buloq va baliqlarning bogʻliqligi bordir?! Hududlar joylashuvidan kelib chiqsak, Sayrob bulogʻi yuzlab chaqirim yoʻl bosib Nurota chashmasidan kelayotgandir degan ehtimol ham bor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring