Qapchugʻayning noyob uzum plantatsiyalari
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Shohimardonsoy oʻnlab qadimiy qishloqlardan oqib, Qapchugʻayga kelganda oltita ariqqa boʻlinadi. Bu ariqlar yilning toʻrt faslida mirishkorlarning dehqonchiligiga daromad keltiradi.
Keyingi paytda Qapchugʻay adirlarida chinakam moʻjiza yaratildi. “Yangi Oʻzbekiston uzum bogʻi”da 1000 gektar dasht yerlar oʻzlashtirilib, davlat byudjeti mablagʻi hisobidan yoʻl, elektr taʼminoti bilan taʼminlandi. Suv tarmogʻi tortildi. Tomchilatib sugʻorish texnologiyalari ishga tushirilib, maxsus suv hovuzi tashkil etildi. Har bir oilaga oʻrtacha 20-25 sotixdan yer ajratildi. Mahalliy iqlim sharoitiga moslab ekilgan oʻnlab navli uzum koʻchatlari hosilga kirdi. Hozircha uzum qatorlarida ekilgan mahsulotlardan olinayotgan daromad qancha oilalarning roʻzgʻorini tebratib kelmoqda.
— Qapchugʻayda 20 gektar yer oʻzlashtirib, gilos, oʻrik, shaftoli, uzum bogʻi tashkil etganman, — deydi mirishkor bogʻbon Abdurahim Olamov. — Ayni paytda ushbu hududda pistachilikni rivojlantirish boʻyicha ilmiy-amaliy tajribalar olib borilyapti. Shu bilan birga, suvsizlikka chidamli qadimiy Oltiariq bodomi navini koʻpaytirishga harakat qilinmoqda.
Taʼkidlash joiz, bugungi kunda Oltiariq tumanida 72 ta MFYdagi 40,5 ming xonadonda qariyb 230 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Aholi tomorqasi, fermer va dehqon xoʻjaliklari tasarrufida 4 ming 500 gektar uzum bogʻi mavjud. Shuningdek, 70 ming tonna sigʻimga ega 85 ta meva-sabzavot saqlashga ixtisoslashgan muzlatgichli omborxonalar mavjud. 67 ta eksportyor korxona, 30 dan ortiq logistika markazlari hamda 1ta meva-sabzavot sotishga moʻljallangan ulgurji bozor tashkil etilgan.
2023-yili 114,4 mln. dollarlik mahsulot eksport qilinib, bu borada tumanning viloyat miqyosidagi ulushi 17 foizga yetdi. Asosiy drayver sifatida 42,5 ming tonna uzum eksport qilindi. Eksport MDH davlatlaridan tashqari, Eron, Indoneziya, BAA, AQSH singari mamlakatlar hisobiga kengaydi. Oltiariq tuman hokimligi delegatsiyasi yaqinda Polsha mamlakatida boʻlib, bir qator istiqbolli kelishuvlarga erishdi. Xususan, “Agro House” MCHJ bilan hamkorlikda mamlakat poytaxti Varshava shahrida Savdo uyi tashkil etildi.
Oʻzbek olimlari yangi uzum navlarini koʻpaytirish, bu borada Xitoy, Hindiston, Yevropa mamlakatlaridan eksportbop navlarni olib kelib mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish boʻyicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Professorlar Husanboy Gʻofurov xonadonida uzum hosili keyingi mavsumgacha tabiiy usulda saqlansa, Ashurali Karimov uzumzorida hamisha qadrdon navolar jaranglab turadi.
— Uch gektar uzum bogʻim bor. Uning bir gektari tajriba laboratoriyasi, — deydi tajribali agronom Abdumutalib Gʻofurov. — Bogʻda “Mers”, “Rizamat ota”, “Kelin barmoq” singari xaridorgir uzumlar bilan birga, endilikda uzumning kishmishbop, urugʻsiz navlari ham koʻpaytirilmoqda. Xususan, uzumning uzoq masofaga tashishga yaroqli, eksportbop “Avatar” navi hosilini xaridorlar uzum bogʻining oʻzidan kilosini 150 ming soʻmdan olib ketishadi. Agronom mazkur navni qalamcha usulida koʻpaytirib, joriy kuz mavsumida 100 million soʻmlik koʻchat sotishni rejalashtirmoqda.
Bugun elimiz dasturxoniga baraka kiritib turgan Qapchugʻay uzumzorlarining dongʻi yurtimiz boʻylab taralmoqda. Bozorlarda ham oʻz bahosi va xaridoriga ega.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring