Qanday dori va oziq-ovqatlar anafilaktik shokni keltirib chiqarishi mumkin?

15:18 10 Dekabr 2023 Jamiyat
375 0

— Tadqiqotlarga koʻra, anafilaktik reaksiyalar 46,5 foiz holatda dori-darmonlarni qabul qilish oqibatida yuzaga keladi. Bunga sulfanilamidlar, antibiotiklar, talvasa (sudorogi) va yalligʻlanishga qarshi preparatlar, silga qarshi dorilar, zardoblar hamda tarkibida yod saqlovchi kontrast moddalar sabab boʻlishi mumkin, — dedi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova.

Baʼzi hollarda yalligʻlanishga qarshi nosteroid dorilar, aspirin va uning analoglari, qolaversa, turli vitaminlar ham xastalikni qoʻzgʻatish xususiyatiga ega.

Anafilaktik shokning ikkinchi eng keng tarqalgan sababi (31 foiz holatda) oziq-ovqat allergiyasidir. U yeguliklar tarkibidagi oqsillar, baʼzan oqsilsimon moddalar taʼsirida vujudga keladi. Uni maʼlum bir taom yoki noz-neʼmat isteʼmolidan soʻng darhol paydo boʻladigan immunitet tizimi reaksiyasi sifatida baholash mumkin.

Bolalarda kasallik koʻpincha onaning homiladorlik yoki emizikli davrida notoʻgʻri ovqatlanishi sababli rivojlanadi.

Qolaversa, kichkintoylar sevib isteʼmol qiladigan sigir suti — kuchli allergiya qoʻzgʻatuvchi mahsulot. Tovuq tuxumi ham keng tarqalgan allergenlar jumlasidan. U ovalbumin, ovomuyeoid, ovotransferrin va ovomutsin oqsillar guruhlarini oʻz ichiga oladi.

Baliq — kuchli antigen. Uning goʻshtida parvaalbumin va tropomiozin oqsil guruhlari mavjud. Bugʻdoy va soya ham baʼzida allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi.

Goʻsht mahsulotlari orasida esa parranda va ot goʻshti boshqalariga nisbatan koʻproq antigen xususiyatga ega. Sitrus mevalar, qulupnay va yertut ham koʻproq allergiya qoʻzgʻaydi.

Kattalarda bunday patologiya rivojlanishiga sabab boʻluvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan birinchisi yeryongʻoqdir. U koʻp hollarda anafilaktik reaksiyani keltirib chiqaradi. Shuningdek, boshqa turdagi yongʻoqlar, kunjut, asal, shaftoli, uzum, malina, sabzi, shokolad, kofe va kakao allergiya chiqaruvchilar roʻyxatidan joy olgan.

Anafilaktik shok 20 foiz holatda hasharotlar chaqishi tufayli ham paydo boʻlishi aniqlangan.

Bu xastalikka aniq tashxis qoʻyish uchun kengaytirilgan allergoanamnez va allergologik sinamalar, qon hamda allergenlar tahlili, teri biopsiyasi va gistologik koʻriklar talab etiladi.

Xastalik aniqlangan bemorlarni zudlik bilan intensiv terapiya boʻlimiga yotqizish zarur.

Ammo koʻpchilik bemorlar anafilaktik shok holati bartaraf etilib, salomatligi oʻnglanishi bilan muolajalarni toʻxtatib qoʻyadilar. Bu juda katta xato.

Vaholanki, kuchli allergik reaksiyani keltirib chiqaruvchi omillar aniqlanib, unga qarshi zarur tibbiy choralar koʻrilmagunicha anafilaktik shokning takrorlanish xavfi saqlanib qolaveradi.

Bugungi kunda Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida ushbu kasallikka aniq tashxis qoʻyish barobarida, uni samarali davolash usullari yoʻlga qoʻyilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер