Qalb ziyosi
Foto: Illustrativ foto
2-aprel — Xalqaro bolalar kitobi kuni
Mashhur ertak-yozuvchi Hans Xristian Andersenni tanimagan, bilmagan bola boʻlmasa kerak. Chunki uning ertaklarni oʻqigan yoki boʻlmasa uning asarlari asosida yaratilgan multfilmlarni koʻrganliklariga shubha yoʻq. Har yili mashhur hikoyanavis adib Hans Kristian Andersenning tugʻilgan kuni – 2-aprelda Xalqaro bolalar kitobi kuni dunyo boʻylab nishonlanadi. Ushbu bayram 1967-yilda Yoshlar kitoblari xalqaro kengashi (IBBY) tashabbusi va qarori bilan joriy etilgan. Kengash ushbu kun orqali bolalarning kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini yaxshilash, yangi avlod maʼnaviy va intellektual qiyofasini shakllantirishda bolalar kitobining rolini oshirishni targʻib qiladi. Shuningdek, bayramning maqsadlaridan biri bolalar adabiyoti, kitob sanʼati va madaniyatini rivojlantirish hamda bolalar kitobxonligi borasidagi mavjud muammolarga dunyo hamjamiyati eʼtiborini qaratishdan iborat.
Bolalar adabiyotining paydo boʻlishi va rivojlanishi nisbatan yaqin oʻtmishga ega. XVII asrning oʻrtalariga qadar bolalarga ertaklar asosan ogʻzaki aytilgan va ular ota-onalar orqali yetkazilgan. XVIII asrda bolalar D.Defoning «Robinzon Kruzo» va J.Sviftning «Gulliverning sayohatlari» singari mashhur asarlari bilan tanishdilar. XIX asrga kelib aka-uka Grimm va Hans Andersenlar bolalarga ertaklar taqdim qila boshladilar.
Hozirgi kunda bolalar adabiyoti alohida badiiy yoʻnalish hisoblanadi. Har yili dunyoning turli hududlarida joylashgan Yoshlar kitoblari xalqaro kengashining filiallari ushbu ajoyib bayram – Xalqaro bolalar kitobi kunini xalqaro miqyosda nishonlash boʻyicha homiylik qiladi.
Har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan Bolalar kitoblari kuni festivalida bolalar yozuvchilari va rassomlari ushbu adabiy sohadagi asosiy mukofot – Hans Kristian Andersen nomidagi Xalqaro mukofotga sazovor boʻladilar. Andersen oltin medali “Kichik Nobel mukofoti” ham deb ataladi. Oltin medal bolalar kitoblari boʻyicha xalqaro kengashning navbatdagi kongressida nomzodlarga topshiriladi, shuningdek bolalar kitoblarining dunyo tillariga qilingan eng yaxshi tarjimalar uchun ham faxriy yorliq beriladi.
Bolalar kitoblari kuni munosabati bilan turli mamlakatlarda eng yaxshi badiiy asarlarga bagʻishlangan koʻrgazmalar, tanlovlar, konferensiyalar va festivallar oʻtkaziladi. Tadbirlarga zamonaviy bolalar yozuvchilari va shoirlari taklif qilinib bolalar va oʻsmirlar bilan muloqot qiladilar hamda ushbu haftalik davomida asarlar mutolaa qilinadi.
Fransuz adibi Deni Didroning “Odamlar kitob oʻqishdan toʻxtasalar, fikrlashdan ham toʻxtaydilar” degan gapi bor. Haq gap! Eʼtibor bering, biz endilikda dunyoda taraqqiyot, tamaddun kuchaygan, maʼnaviyat yuksalgan bir paytda yashayapmiz. Buning asosida esa inson aql-zakovati, tafakkuri oʻsishi, ilm-fanning rivojlanishi, yangi ilmiy ishlanmalar, kashfiyotlarning hayotga tatbiq etilishi kabi jarayonlar yotadi. Shuning uchun ham Prezidentimiz ilk rahbarlik faoliyatidan boshlab mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishga, ilm-fan ahlining, ayniqsa, isteʼdodli yoshlarning ilmiy faoliyatini ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratdi. Mamlakatimiz Prezidentining kitoblar nashr etishni kuchaytirish, uning targʻibotini yaxshilash, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish borasidagi qarorlari, dasturlari eʼlon qilindi. Bular ijtimoiy hayotimizga katta taʼsir koʻrsatishi shubhasiz.
Negaki, yaxshi kitoblar nashr etishni yoʻlga qoʻymasdan, kitobxonlikni kuchaytirmasdan turib ilm-fanda yuksak natijaga erishib boʻlmaydi. Shu bilan birga, kitob va kitobxonlikni rivojlantirmasdan turib, yuksak maʼnaviyatga erishish qiyin. Shuning uchun davlatimiz rahbari maʼruzalaridan birida “Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak maʼnaviyatga erishib boʻlmaydi. Kitob oʻqimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yoʻq”, deb taʼkidlagan edi. Bugun yurtimizda kitob nashr qilish va kitobxonlik davlat siyosati darajasida eʼtirof etilmoqda. Yaxshi kitoblarni nashr qilayotganlar ham, koʻp kitob oʻqiyotganlar ham taqdirlanmoqda. Prezidentimizning “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish maqsadida yoshlar oʻrtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bu sohadagi ishlarning yana bir amaliy natijasi boʻldi.
Shu oʻrinda yana bir narsani aytish zarur. Xalqimiz, millatimiz ilm-fanni, kitobni, kitobxonlikni azal-azaldan qadrlab kelgan. Ajdodlarimizning qadim davrlarda akademiyalar, ilmiy majlislar, ilmiy anjumanlar, baytul hikmalar tashkil etganlari, navoiyxonlik, hofizxonlik, bedilxonlik, mashrabxonlik, qissagoʻylik oʻqishlari oʻtkazganlari, “Goʻroʻgʻli”, “Alpomish”, “Kuntugʻmish” singari dostonlar asosida baxshilar, oqinlarning aytishuvlarini uyushtirganlari tarixdan maʼlum. Bularning hammasi xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qilgan.
Ne baxtki, bugungi kunda ajdodlarimizdan meros bu anʼanalar yana qaytadan hayotimizga yangicha asoslarda tatbiq etilmoqda. Hayotimizni maʼrifat nuri ulashuvchi kitoblarsiz tasavvur qilish qiyin. Tokchalarda ilgarigidek kitoblar mahtal boʻlib turgani yoʻq. Chunki xalqimiz kitob mutolaasiga ishtiyoq bilan kirayotir. Ayniqsa, oʻsib kelayotgan barkamol avlod qalbida kitobga boʻlgan mehrni uygʻotish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Bolalarga sifatli kitoblar yetkazib berish uchun ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar amalga oshirilmoqda. Oqibatda, bolalar koʻngliga tez va oson kirib boradigan kitoblar dunyo yuzini koʻrayotir. Aqlli va bilimli inson hamisha oʻzini balolardan himoya qila oladi, dunyo ilmlarini toʻliq egallagan inson esa qudratli shaxsga aylanadi.
Aslida millatimiz farzandlarining hammasi tabiatan qiziquvchan, intiluvchan, isteʼdodli. Ularni toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirish esa biz kattalarning burchimizdir. Yoshligidan donishmandlarning soʻzlari bitilgan asarlarni oʻqish asnosida bolalarimiz tarbiyalanadi, qolaversa, oʻzlariga kerakli boʻlgan hayot taʼlimini egallaydi. Mehrni qahrdan, yaxshilikni yovuzlikdan ajrata olishga harakat qiladi. Ertaklarni oʻqib ezgulik har doim gʻalaba qozonishini yovuzlikning umri qisqa ekanini tushunib yetadi.
Kitoblarni qoʻldan qoʻymasdan uni oʻqishga vaqt topayotgan bolalar tarbiyalangan sanaladi. Tarbiyalangan bolalarni shakllantirish oʻz qoʻlimizda ekanini anglab yetgan holda ota-onalarga ham burchlarini tushuntirish va dunyoda kitobdan qimmatbaho narsa yoʻqligini, u asosiy tarbiyalovchi vosita ekanini anglatmogʻimiz kerak, nazarimda. Kitobdan donishmandlikni elga tarqatuvchi qurol sifatida foydalaniladi. Har kuni donishmandlarning soʻzlaridan bahra olib yashab, maʼnaviy ozuqaga ega boʻlish mumkin.
Qodirjon MAMARASULOV,
Qibray tumanidagi 5-umumtaʼlim maktabining
ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring