Qalʼa 103-yildan soʻng oʻz bagʻrini ochmoqda

17:17 12 Sentyabr 2023 Jamiyat
407 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Buxoro shahriga borgan sayyoh borki, qadimiy Ark qoʻrgʻonini tomosha qilmay qaytmaydi. Asrlar mobaynida Buxoro hukmdorlarining saroyi vazifasini oʻtagan, “shahar ichidagi shaharcha” taʼrifiga munosib bu goʻsha boshiga ne-ne koʻrguliklar tushmagan, deysiz? Xususan, 1920-yilgi bosqin koʻhna shaharning masjidu madrasalari, minorayu karvonsaroylari, timu xonaqohlari, sharqona uylari qatori Ark qoʻrgʻoniga ham cheksiz kulfat keltirdi.

Oʻshanda Mixail Frunze boshchiligidagi shoʻro qoʻshinlari bir hamla bilan zabt eta olmagach, shaharga aeroplanlardan bomba yogʻdirishdi. Umrida aeroplan deganini koʻrmagan buxoroliklar dahshatga tushdilar. Tarixiy yodgorliklarning bir qismi, shu jumladan, Ark ham vayron etildi. Buni shoʻro tuzumi davrida nashr qilingan “Sovet Turkistoni uchun” deb nomlangan kitob ham tasdiqlaydi.

Unda yozilishicha, bombardimonda qoʻrgʻonning asosiy mezana va minoralari vayron qilib tashlangan. Qalʼaning salkam 70 foizini egallagan qismi yakson etilgan. Faqatgina jome masjidi, amirning taxtga oʻtirish marosimi oʻtkaziladigan koʻrinishxona, qushbegiga qarashli binolarning bir qismi saqlanib qolgan, xolos. Aytmoqchi, hozir bu yerda davlat muzey – qoʻriqxonasi joylashgan.

— Qalʼaning vayrona holga tushgan qismida hammomi oʻrda, xonaqoh, sahobalar avlodidan sanalgan Battolgʻozi maqbarasi, XVI asrga taalluqli quduq hamda turar-joylar boʻlgan,— deydi Buxoro davlat muzey- qoʻriqxonasi direktori oʻrinbosari Jamshid Xalilov.— Ularning qoldiqlari saqlanib qolgan. Hududda qator yillardan buyon mahalliy mutaxassislar Fransiyaning Luvr muzeyi arxeologlari bilan hamkorlikda arxeologik tadqiqotlar olib borishmoqda.

Qalʼaning salkam uch gektar maydonni egallagan bu qismi shahar bosqinidan buyon qarovsiz yotgan edi. Mehmonlar, sayyohlar uchun berk mazkur goʻsha 103-yildan soʻng nihoyat, barchaga oʻz bagʻrini ochadigan boʻldi. Bu yerda arxeologik park barpo etishga kirishildi. Yurtimizda ilk bor amalga oshirilayotgan ushbu loyiha YUNESKO tomonidan maʼqullangan. Bu yerda qadimiy toshlardan yoʻlaklar, ayvonli shiypon barpo etilyapti, sayyohlar uchun zarur boshqa bir qator qulayliklar yaratilmoqda. Ark orqa qismining chamasi 120 metrli devor qismi pishiq gʻisht bilan qoplanyapti. Arxeologik parkda shahar mehmonlari qalʼaning bizgacha saqlanib qolgan asosini koʻrish, qazishma ishlari bilan tanishish, koʻhna Buxoro manzaralarini kuzatib hordiq chiqarish imkoniga ega boʻladilar.Negaki, qalʼa chamasi 20 metr balandlikda boʻlib, bu yerdan qadimiy obidalar bagʻridagi shaharni tomosha qilish kishiga oʻzgacha zavq bagʻishlaydi. Sayyohlar shuningdek, xohishlari boʻlsa, arxeologik qazishma ishlarida ishtirok etishlari mumkin. Bir soʻz bilan aytganda, arxeologik park ichki va tashqi turizm ravnaqiga xizmat qiladi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?