Qadri ham, qaddi ham yuksalayotgan Namangan

13:35 23 Sentyabr 2025 Jamiyat
240 0

Yaqin-yaqingacha iqtisodiyoti nochor, kambagʻallik taraqqiyotiga tushov boʻlib turgan Namangan viloyati bugun shiddat bilan rivojlanib, mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim oʻrin egallab bormoqda. Anʼanaviy hunarmandchilik va qishloq xoʻjaligi bilan tanilgan bu zamin bugungi kunda sanoat, turizm va xizmat koʻrsatish sohalarida ham beqiyos salohiyatga ega.

Agar hududning yaqin oʻtmishiga nazar tashlasak, viloyatda koʻzga koʻringan biror korxonani topish amrimaholligini koʻramiz. Kambagʻallik darajasi yuqori, muammolar har sohada taraqqiyotga toʻsiq boʻlgandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari, ragʻbat-u eʼtibori tufayli vaziyat bugun tubdan oʻzgardi. Shiddatli yangilanishlar “vodiy javohiri” boʻlgan oʻlkaga ham yorqin, jozibador muhit olib kirdi.

Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining 17-18-sentyabr kunlari Namanganga tashrifi barcha namanganliklarga yangi kuch, koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. Chunki davlatimiz rahbarining qutlugʻ qadami yetgan joyda minglab odamlarning orzu-umidlari roʻyobga chiqadi, ishsizlikdan qiynalib sarson boʻlib yurganlar uchun yirik-yirik loyihalar ishga tushiriladi.

Prezidentimizning viloyatda yirik sanoat quvvatlarini tashkil etish, iqtisodiyotni rivojlantirish, turmush farovonligini yuksaltirishga doir tashabbuslari, oddiy odamlar bilan oʻtkazgan samimiy muloqotlari xalqimizning koʻnglidan joy oldi, ertasiga ishonchini oshirdi.

Qalblarga quvonch bagʻishlagan tashabbuslar

— Tashrif davomida hech bir yoʻnalish, hech bir soha Prezidentimiz eʼtiboridan chetda qolmadi. Sanoatdagi oʻzgarishlar-u qishloq xoʻjaligi va yana aholini ish bilan taʼminlash masalalari bilan yaqindan tanishildi. Hatto vaqt topib bizning “Firdavs” kunduzgi parvarish markazimizda ham boʻldi, — deydi tadbirkor Sayyora Qosimova. — Yurtboshimiz nogironligi boʻlgan bolalarga koʻrsatilayotgan xizmat sifati bilan qiziqdi. Mashgʻulotlar malakali mutaxassislar tomonidan olib borilayotganiga eʼtibor qaratdi. Yurtimizda hech kim nazardan chetda qolmasligi, bunday ijtimoiy loyihalar miqyosi yanada kengaytirilishi lozimligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari hududlarga tashrifi chogʻida ijtimoiy, iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy sohalardagi har bir oʻzgarish, har bir rivojlanishga eʼtibor qaratadi, jarayonlarni yanada yuksaltirish borasida oʻz tavsiyalarini beradi. Bu gal ham shunday boʻldi: viloyat hokimi va uning oʻrinbosarlari, 14 ta tuman va shahar hokimlari oldiga yil yakunigacha 4 mlrd. 200 mln. dollar investitsiya olib kelish, eksportni 1 mlrd. dollarga yetkazish, 323 ming odamni ishli qilish, 26 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish vazifasi qoʻyildi. Bu hazilakam raqamlar emas, albatta, buning ortida mashaqqatli mehnat, harakat va aholining orzu-umidlari bor.

Xususan, Norin tumanidagi 5 mingdan ziyod aholi yashaydigan Shoʻrariq mahallasi timsolida “ogʻir” mahallalar qiyofasini tubdan oʻzgartirib, shahar muhitini olib kirishi odamlar hayotiga mazmun bagʻishlaydi. Bunday maskanlarda zamonaviy mahalla guzari quriladi. Bolalar va sport maydonchalari, servis obyektlari, kutubxona, kasb va til oʻrgatish markazi, bank shoxobchasi tashkil etiladi. Koʻchalar asfalt qilinadi hamda yoritiladi. Eskirgan va hosildorligi past bogʻlar toʻliq yangilanadi.

— Bunday boʻlishini kutmagandik, hatto tushimizga ham kirmagandi. Hozir qishlogʻimizda 30 tadan ortiq texnika vositalari ishlayapti, ikki yuzga yaqin quvurchilarning qoʻli qoʻliga tegmaydi. Biz ham ularga baholi qudrat koʻmak beryapmiz — deydi Shoʻrariq mahalla faoli, 40-yildan ziyod maktabda muallimlik qilgan Moʻminjon Qoraboyev. — Yana bir gapni aytsam, albatta, yozing. Prezidentimizning oʻqituvchi va ustozlar mehnatiga katta eʼtibor qaratib, eng munosiblarga davlatimizning orden va medallari, faxriy unvonlarini bergani, viloyatimizga tashrifi chogʻida Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 37-maktab oʻqituvchisi Nodira Nabiyevani yengil avtomashina bilan taqdirlagani, ochigʻi, namanganliklarni nihoyatda xursand qildi. Dunyoning biror joyida mana shunday ustozlarga boʻlgan ehtiromni koʻrganmisiz? Bu yoshlar uchun beqiyos ibrat, oʻrnak olsa arziydigan ezgu fazilatdir.

Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 mlrd. soʻmdan, qolgan tumanlarning ikkitadan “ogʻir” mahallasiga esa 5 mlrd. soʻmdan, jami 320 mlrd. soʻm berilib, ular namunali hududga aylantiriladi. Bundan, eng avvalo, shu hududda yashovchi yosh-u qari bahramand boʻladi. Mana, sizga islohotlar mevasi, xalqni rozi qilishning yaqqol namunasi.

Tashrif chogʻidagi yana bir eng muhim tashabbus Yangi Namanganni Chortoq bilan bogʻlovchi yoʻldagi 13 kilometrlik tun-u kun ishlaydigan servis koʻchani qurish va ishga tushirish topshirigʻi boʻldi. Maqsad — odamlarni ishdan soʻng oilasi bilan hordiq chiqarishiga sharoit yaratish. Ammo masalaning ikkinchi tomonini aytmasak boʻlmas, yaʼni shu orqali tadbirkorlar daromad topadi, yangi ish oʻrinlari paydo boʻladi, bundan davlat ham manfaat koʻradi. Aholi uchun qulaylik yaratish-u biznesga yanada keng yoʻl ochishning yaqqol namunasi bu.

Faqat bugina emas. Bunday servis koʻchalar Kosonsoy, Namangan, Toʻraqoʻrgʻon, Uychi va Yangiqoʻrgʻondagi 8 ta joyda tashkil etiladi. Kosonsoy markazi, Norindagi daryo boʻylari, Chustning Hova, Yangiqoʻrgʻonning Nanay, Popning Chodak qishloqlarida Boʻstonliqdan kam boʻlmagan goʻzal tabiat, soʻlim goʻshalar borligi, bu joylarda tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish istagida yurgan tashabbuskorlar ham juda koʻpligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan viloyat “Islohotlar shtabi”ga tadbirkorlar bilan har bir tumanda kamida 2 tadan xushmanzara joylarni tanlab, ular boʻyicha master-reja ishlab chiqish, amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga keyingi yilda 50 ming odamni ishli va daromadli qilish topshirildi. Bu ham tashrifning yana bir oʻziga xos ijobiy samarasi!

Namangan azaldan dehqonchilik va bogʻdorchilik markazi boʻlgan. Viloyatda paxta, gʻalla, meva-sabzavot va uzum yetishtirish yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Qishloq xoʻjaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, suv tejovchi usullarni qoʻllash va yangi navlarni ekish orqali hosildorlikni oshirishga eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Toʻraqoʻrgʻonda tomchilatib sugʻorish orqali 5 ming gektar adir yerlarni oʻzlashtirish ishlari boshlanganini maʼqulladi. Hozirgacha 2 ming gektar oʻzlashtirildi. Shuning 1,3 ming gektarida bogʻ va uzumzor tashkil etildi, 4 ming kishi ishli boʻldi. Ilgari bu adirlarga nihol ekish, suv chiqarib bogʻ yaratish imkonsiz sanalgan. Tadbirkorlar “xarajatim ertaga oʻzini qoplarmikin”, deya adirlarga sarmoya tikishga botinmagan. Davlat rahbarining daʼvati va maslahati hokimlar qatori biznes ahliga ham ruh berdi. Adirlar bogʻ-u rogʻlarga aylanmoqda. Tashrif chogʻida Pop tumanida 4 ming gektar, Kosonsoy, Chust va Mingbuloq tumanlarida 1 ming gektardan yerni qayta foydalanishga kiritish vazifasi qoʻyildi. Bu ishlar nihoyasiga yetkazilsa, yana yuzlab xonadonlarga fayz kiradi, farovonlik oshadi.

Gulmohi — daromad manbai

Namangan xalqi tadbirkor, ishning koʻzini biladigan odamlar. Baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha yurtimizda boshlangan keng koʻlamli ishlar viloyatning Norin tumanida ham qanot yozdi. Bu yerda faoliyat olib borayotgan “baliqchilik villasi”ga tashrif buyursangiz, uning sohibi rostdan ham “oltin baliq” tutib olgan deb oʻylaysiz. Xalq ichida “xonbaliq”, “kamalak”, “marmar” deb talqin qilinadigan gulmohi baligʻini yetishtirish bilan shugʻullanayotgan “Norin fishvel” korxonasidagi ishlardan hayratingiz ortadi.

— Gulmohi yetishtirishni bundan toʻrt yil avval Uchqoʻrgʻonda boshlagan edik, qisqa vaqtda yaxshigina tajriba orttirdik, — deydi MCHJ rahbari Azizbek Daminov. — Endi Norinda ham baliq yetishtiryapmiz. Maqsad — birinchi mavsumning oʻzidayoq 8500 tonna parhezbop va eksportga tortadigan goʻsht yetishtirish orqali aholi bandligi va xonadonlar daromadini oshirish.

Davlatimiz rahbariga “Norin fishvel”dagi ishlar ham taqdim qilindi. Tadbirkor oʻzaro muloqot chogʻida navbatdagi rejalari haqida gapirib, baliqlar ozuqasi importini cheklab, maxsus yemni mahalliy sharoitda ishlab chiqarishga kirishayotganiga alohida urgʻu berdi. Demak, uning faoliyati yanada kengayadi.

Prezident ishtirokida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan oʻtgan yiQilishda Norin tumanidagi baliqchilik klasterining ishlari, xususan, Xoʻjaqoʻrgʻoncha mahallasidagi xonadonlar klaster bilan kooperatsiya asosida ishlab, yiliga har biri 150 mln. soʻmgacha daromad koʻrayotgani yuqori baholandi. Bu tizimni ommalashtirib, Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlaridagi 1 ming xonadonda gulmohi yetishtirishni yoʻlga qoʻyish, 1 sotixli 350 ta sunʼiy hovuz oʻrnatib, aholiga boʻlib berish muhimligi taʼkidlandi. Niderlandiyalik hamkorlar bilan yiliga 20 ming tonna baliq ozuqasi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi ham aytildi.

Jahon bozorida Namangan brendi

— Bugungi kunda viloyat sanoatining uchdan biri, eksportining yarmi toʻqimachilik sohasiga toʻgʻri keladi. Bunda, albatta, brend bilan ishlash boʻyicha respublikada yetakchi hisoblangan kompaniyamizning ham hissasi bor, — deydi “Aisha Home Tektile” MCHJ shaklidagi qoʻshma korxona asoschisi, “Shuhrat” medali nishondori Jobir Kamolitdinov. — Niyatimiz — yuqori sifat orqali raqobat juda kuchli boʻlgan jahon bozorida yanada mustahkam oʻrin egallash, eksportni yana koʻpaytirish. Prezidentimiz bu borada bizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlamoqda. Tez orada investitsiya olib kelish va brendlar bilan hamkorlikni kengaytirish uchun alohida loyiha ofisi ochiladigan boʻldi. Shuningdek, xalqaro sertifikat olgan toʻqimachilik korxonalari sonini 50 tadan oshirish vazifasi ham belgilandi. Mutasaddilarga yil yakunigacha Varshava va Londonda kamida 1 ming kvadrat metrli savdo uylarini tashkil qilish topshirildi.

Viloyatda bu yil toʻqimachilik mahsulotlari eksportini 500 mln. dollarga yetkazish, ikki yilda 1 mlrd. dollarlik 25 ta yirik loyihani ishga tushirish imkoniyatlari mavjud. Bu nafaqat viloyat iqtisodiyotiga, balki respublika Qaznasiga ham qoʻshimcha daromad olib keladi. Shu orqali biz dunyo bozorida Oʻzbekiston tamgʻasi bosilgan tayyor mahsulotlar salmogʻi-yu miqdorini sezilarli darajada oshiramiz.

Ha, hudud bugun iqtisodiy imkoniyat jihatdan mutlaqo yangi manzilga aylandi. Oʻtgan davrda viloyat toʻqimachilik sanoatida yirik brend kompaniyalar vujudga keldi. Mana oʻsha brendlar: “Art Soft Tex Group”, “Uztex Group”, “Adim”, “Ideal”, “Vakkoni”, “D.Maretti”, “Nazmantexi”. Bu korxonalar bugun dunyoning eng mashhur, iqtisodiy jihatdan baquvvat brendlariga mahsulot sotayotgani, bu — Oʻzbekistonda uzoqni koʻzlab olib borilayotgan islohotlarga xorijiy ekspertlarning, yirik kompaniyalarning yana bir xolis bahosidir.

Taqqos uchun aytadigan boʻlsak, 2017-yilgacha viloyat eksport geografiyasidan, asosan, MDH mamlakatlarigina joy olgan xolos. Bugun 60 ga yaqin davlatlar bilan eksport lokatsiyasi boyidi. Natijada 2025-yilda hududning eksport koʻrsatkichi 4 barobar oshdi.

Yil boshidan viloyatga 1 mln. 200 ming xorijiy, 2 mln. mahalliy sayyoh keldi, turizm eksporti 200 mln. dollardan ortdi. Bunda har yili anʼanaviy ravishda oʻtkazib kelinayotgan Xalqaro gullar festivalining oʻrni katta. Hozir Namangan aeroporti turistlar oqimiga kichiklik qilmoqda. 140 mln. dollar investitsiya hisobiga Namangan aeroporti rekons­truksiyasi bajarilmoqda. Yangi terminal ishga tushsa, yoʻlovchi tashish quvvati 2,5 karra oshadi. Shunga mos ravishda turizm infratuzilmasi ham rivojlantiriladi.

Agar Namangandagi eng jozibali hududlardan biri — Chortoq tumani imkoniyatlari toʻliq ishga solinib turistlar uchun onlayn maʼlumot olish, joyni oldindan band qilish imkoniyati yaratilsa, davolanishga kelgan odamlar vaqtini mazmunli oʻtkazishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun yetarli imkoniyat boʻlsa, Chortoq vodiyning turizm xabiga aylanishi muqarrar. Mazkur loyiha uchun 50 mln. dollar ajratilishi uning jozibadorligini oshiradi.

Jahon banki bilan Oʻrta shaharlarni rivojlantirish loyihasi doirasida joriy yilda “Furqat” bogʻi rekonstruksiya qilinib, hududi qariyb 2 barobar kengaytiriladi. Chortoqsoy boʻylab 11 kilometr uzunlikda piyodalar va velosiped eko-yoʻlaklari quriladi. Bu yerdagi koʻp yillik bogʻlar bilan uygʻun holda sanatoriy tipidagi yirik servis obyektlari barpo etiladi. “Chortoq” suv ombori atrofida turizm kompleksi, mehmonxona, restoran, dam olish va koʻngilochar maskanlar ochiladi. Yana bir yirik loyiha — Pop tumanidagi Arashan koʻli atrofida 1 ming 200 gektar maydonda yiliga 1 mln. sayyohni qabul qiladigan yirik turizm kompleksiga asos solinadi.

— Albatta, mazkur loyihalar ijrosi maʼnaviy jihatdan yetuk, xorijiy tillarni oʻz ona tilidek mukammal biladigan mutaxassislar tayyorlashni ham talab etadi. Har doim yurtimiz yoshlarini oʻz farzandidek eʼzozlaydigan, ularning taʼlim olishi, hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun jonkuyar boʻlgan Prezidentimiz bu muhim yoʻnalishga ham alohida eʼtibor qaratdi. Keyingi oʻquv yilidan boshlab Avstriyaning Krems universiteti bilan Namangan davlat universitetida qoʻshma fakultet tashkil qilinadigan boʻldi. Bu tashabbus kelajakda milliy qadriyatlarimizni, madaniyat va maʼnaviyatimizni chet ellik sayyohlar oldida targʻib etishga, shu orqali Namanganning turizm salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbari tomonidan aytilgan bu xushxabar ham viloyatimizdagi barcha ziyolilar yuragiga yorugʻlik olib kirdi, — deydi respublika “Nuroniy” jamgʻarmasining viloyat boʻlimi rahbari, senator Ikromxon Najmiddinov.

Darhaqiqat, Namangan tarixiy obidalar, ziyoratgohlar va tabiiy goʻzalliklarga boy. Bu ham turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyat. “Chortoq” sanatoriysi, “Axsikent” arxeologiya majmuasi, “Mingbuloq” mineral suvlari kabi maskanlar mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb qilish uchun katta salohiyatga ega. Yangi yoʻllar qurish, mavjudlarini taʼmirlash, aeroportni modernizatsiya qilish va temir yoʻl tarmogʻini kengaytirish orqali viloyatning transport salohiyati oshirilmoqda. Elektr energiyasi, suv taʼminoti va telekommunikatsiya tizimlarini takomillashtirish orqali aholining turmush sharoitini yaxshilash va iqtisodiy rivojlanishni taʼminlashga harakat qilinmoqda. Shunga qaramay Namanganda yoʻl, ichimlik suvi, uy-joy kabi hayotiy zarur infratuzilmani rivojlantirish ham eng dolzarb masalalardan boʻlib qolayotir. Negaki, Uychi, Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlari aholisini viloyat markazi va boshqa tumanlar bilan bogʻlovchi asosiy yoʻldagi tirbandlik qiynab kelayotgan edi.

— 63 mlrd. soʻm hisobiga Norin daryosi ustidan 480 metr uzunlikdagi yangi koʻprik qurilayotgani ayni muddao boʻldi, — deydi mahalla faoli Roman Maqsudov. — Bu Uychi orqali Uchqoʻr­gʻon va Norin tumanlari markaziga yetib borishni 20 — 25 kilometrga, Norindan Baliqchiga yoʻlni 35 — 40 kilometrga qisqartirishi bizni judayam quvontirdi. Viloyat markazini poytaxt bilan bogʻlaydigan, kuniga 15 ming transport harakatlanadigan Pungon — Namangan yoʻlining 75 kilometri rekonstruksiya qilinishi, yoʻl 246 mln. dollar hisobiga 4 tasmali, beton qoplamali usulda qurilishi, 34 ta koʻprik, 22 ta piyodalar oʻtish joyi barpo etilishini eshitgan katta-kichik, yosh-u qarining qoʻli duoda.

Namanganda erishiladigan natijalar, oʻzgarishlar va yangilanishlar osonlikcha yuzaga chiqmasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Buning ortida katta siyosiy iroda, uzoqni koʻra bilish, adolatli boshqaruv va yuksak salohiyat, kuchli iqtisodiy tahlilga tayangan zukkolik mujassam. Prezidentimiz tashrifi chogʻida bildirgan bu loyihalarning yanada pishiq va puxta boʻlishi uchun necha tunlarni bedor oʻtkazgani, bu ezguliklar xalqimiz hayotida haqiqatga aylanishini astoydil istagani rost. Oʻz navbatida, tadbirkorlar qatori toʻkinlik sari intilayotgan odamlar buni yurakdan his etib, yangi biznes loyihalarni amalga oshirishga tezkorlik bilan kirishgani quvonarlidir. Qutlugʻ tashrifning totli mevalari, hech shubhasiz, yaqin kelajakda Namanganning iqtisodiy salohiyatida, ish oʻrinlari yaratilishi va aholi daromadlarining koʻpayib, turmush sharoitlari yanada yaxshilanishida namoyon boʻlishi muqarrar.

Abdunabi ALIQULOV,

Abduvali SOYIBNAZAROV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер