Qadimiy Ark bagʻridagi sinoat
Koʻhna Buxoroi sharif qadimda Numijkat, Bumichkat, Madinat attujjor, Foxira kabi nomlar bilan ham atalgan. Shundan kelib chiqilsa, moziyda Buxoro singari koʻp nomga ega boʻlgan shaharni uchratish qiyin. Qolaversa, u osori atiqalarga oʻta boy goʻsha sanaladi. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, meʼmoriy yodgorliklarining oʻzi 400 tadan ziyoddir. Buyuk ajdodimiz Muhammad Narshaxiyning yozib qoldirishicha, ular orasida Ark qalʼasi alohida ajralib turadi. U bundan 1,5 ming yil, ehtimolki, undan avvalroq ham hukmdorlarning yashash manzili vazifasini oʻtagan. Qalʼaga asos solingan davrning miloddan avvalgi IV asrga borib taqalishi ham juda koʻp narsani anglatadi.
Arkda bir necha bor arxeologik qazishma ishlari olib borilgan. Bu oʻrinda 2018-2019-yillarda Fransiya, 2020-2022-yillarda AQSH arxeologlari bilan hamkorlikda olib borilgan ilmiy izlanishlarni eslashning oʻzi kifoya. Shu jarayonda ishtirok etgan, qazishma ishlari guvohi boʻlgan mutaxassis sifatida ayta olamizki, koʻhna Ark qaʼridagi sir-sinoatlar hali toʻliq aniqlanganicha yoʻq. Tadqiqotlar esa hududda boy madaniy merosimizdan darak beruvchi osori atiqalar koʻpligini koʻrsatmoqda. Chunonchi, Ark qoʻrgʻoni sharqida joylashgan Shahriston atrofida olib borilgan arxeologik qazishmalar chogʻida turli davrlarga oid bino qoldiqlari, metall buyumlar, sopol, shisha, devoriy surat boʻlaklari topildi.
Moziyshunoslar va tadqiqot ishlarini olib borgan olimlarning yozib qoldirishicha, Ark qoʻrgʻoni va Shahristonni kesib oʻtuvchi anhor boʻlgan. XI-XII asrlarga kelib u koʻmilib, qabristonga aylantirilgan. Keyinchalik aholi soni koʻpayishi ortidan qabriston oʻrnida uy-joylar qad rostlagan. Arxeologik qazishmalar paytida u yerdan chaqaloqlarning jasadi topilishi olimlarimizni yana bir sinoat oldida lol-u hayron qoldirdi. Negaki, jasadlar noodatiy anʼanalarga koʻra, yaʼni quvur hamda sopol idishlarga solingan holda dafn etilgan edi. Bu esa koʻplab taxminlarga sabab boʻldi. Xususan, topilmalarning XI-XII asrlarga tegishli ekanligi aniqlangach, turli farazlar yuzaga keldi.
Tarixdan maʼlumki, arablar istilosiga qadar Buxoroda zardushtiylik diniga eʼtiqod qilganlar. Bu din rasm-rusumiga koʻra, inson vafotidan soʻng jasadi suyakdonlarga solib dafn qilingan. Yurtimizga islom dini kirib kelgandan keyin ham zardushtiylikka oid baʼzi bir anʼanalar saqlanib qolgan boʻlishi mumkin. Demoqchimizki, tub aholi ota-bobolardan qolgan dafn marosimi anʼanalarini hayotdan erta ketgan chaqaloqlarni shunaqa idishlarga solib dafn qilish orqali davom ettirgan boʻlishi ehtimoli yoʻq emas.
Qizigʻi, bu topilmalar muzey-qoʻriqxonamiz taʼmirlash laboratoriyasiga keltirilib, oʻrganilganda, idishlarning hammasi pishirish jarayonida yaroqsiz boʻlib qolgani aniqlandi. Binobarin, bu buyumlarni yasashda katta kuch, ancha-muncha xomashyo sarflanganligi inobatga olinib, ularni shunchaki tashlab yuborish uvol hisoblangan. Aniqroq aytganda, sopol buyumlar loyini tayyorlashda maxsus tuproq, shamot, kvas va shunga oʻxshash organik materiallar ishlatilgan. Loyni pishirishda esa oʻtin va vaqt sarflangan.
Shu oʻrinda boshqa bir savol ham tugʻiladi. Oʻsha davrlarda xum va shunga oʻxshash boshqa sopol buyumlar ham yaroqsiz holatga kelib qolgan-ku? Nega jasad ularga emas, aynan suv idishlariga solinib dafn qilingan?
Aytish joizki, suv barcha dinlarda butun insoniyat uchun poklik, tozalik ramzi hisoblangan. Shuning uchun ham ehtimolki, chaqaloqlar jasadi gunohsiz, xuddi suv kabi pok degan aqidaga amal qilingan holda sopol idishlarda dafn qilingan. Qolaversa, oʻsha davrga nazar solinsa, Buxoroda bir qancha hammom va hovuzlar boʻlgan. Tabiiyki, bu idishlarga ehtiyoj yuqori edi. Chunki quvurlar asosan hovuzlarga suv toʻldirish va eskirgan suvni chiqarib tashlashda ishlatilgan. Xumsimon sopol idishlar esa hammomda yoki oila sharoitida suvni qizdirish uchun ishlatilgan. Bu idishlar loyining tarkibi oddiy sopollarnikiga qaraganda boshqacha edi. Ular olovga chidamli qilib ishlangan. Oddiy sopollarda koʻproq maxsus loy ishlatilgan boʻlsa, bu idishlarning tarkibi yuqori temperaturaga bardosh beradigan togʻ toshi, shamot, kvasdan iborat. Xumdondan nosoz chiqqanlarini chaqaloqlarni dafn qilishda ishlatishgan. Chunki bu idishlarni qiya qilgan holda koʻtarish qulay. Ular zambil vazifasini bajargan boʻlishi ehtimoli ham bor.
Bir necha ogʻiz soʻz topilmalarni taʼmirlash jarayoni haqida. U mexanik va kimyoviy usullarda amalga oshirildi. Sabr-toqat, qunt bilan olib borilgan restavratsiya ishlari risoladagidek yakun topdi. Eksponatlar muzey fondiga topshirildi.
Shu noyob topilmalarning oʻzi Buxoro tarixi va etnografiyasining bizga hali nomaʼlum qirralari juda koʻpligini koʻrsatadi. Koʻhna qoʻrgʻonga kelsak, bu yerda Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi, Ark oʻlkashunoslik muzeyi faoliyat koʻrsatayapti. Tariximiz ixlosmandlari uchun 2500 dan ziyod eksponat namoyish etilmoqda.
Dilmurod XOLOV,
Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi restavratori,
Oʻgʻiloy HAKIMOVA,
Buxoro davlat universiteti arxeologiya yoʻnalishi magistranti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring