Profilaktik hisobda turuvchi yoshlar “Jasorat maktabi”da saboq olishdi
Foto: Халқ сўзи
Tarbiyasi ogʻir bolalar bilan ishlashda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan bir qator tashkilot va muassasalar hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihalar katta ahamiyat kasb etmoqda. “Jasorat maktabi” loyihasi ular orasida oʻz koʻlami, strategik maqsadi bilan alohida ajralib turadi. Yaqinda Buxoro viloyatidagi “n” harbiy qismda shu loyiha doirasida yigʻin tashkil qilindi. Unga ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turuvchi, tarbiyasi ogʻir 100 nafar yosh jalb etildi.
— Loyiha avvalida ishtirokchilar yosh avtoelektriklar, yosh dvigatel ustalari, yosh payvandchilar, yosh chilangarlar guruhlariga ajratilib, ularga harbiy qismning malakali ofitserlari biriktirildi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi Shohijahon Obidov. — Yoshlarning dunyoqarashi, jamiyatdagi oʻzgarishlarga munosabati, ularning yashash hududlaridagi ijtimoiy holat hamda kasb-hunarga qiziqishlarini aniqlash maqsadida “Oʻz oʻzini boshqarish va idrok etish” mavzusida psixologik treninglar va turli soʻrovnomalar oʻtkazildi. Ularning oʻz oldilariga qoʻygan maqsadlariga erishishlari uchun ruhiy madad beruvchi psixologik yordam koʻrsatildi.
Bundan tashqari, yigʻin ishtirokchilari bilan ertalabki badantarbiya, tibbiy va saf koʻrigi, jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, jangovar va sport hamda maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlikka oid, jumladan, merganlik, muhandislik, aloqa,tibbiy tayyorgarlik, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish, harbiy topografiya kabi harbiy fanlardan oʻn kun mobaynida mashgʻulotlar olib borildi.
Shuningdek, yigʻin ishtirokchilari uchun Buxoro viloyat musiqali drama teatri tomonidan “Toʻda” spektakli namoyish etildi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi va viloyat madaniyat boshqarmasi badiiy jamoasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Vatan tinchligiga barchamiz masʼulmiz” deb nomlangan konsert dasturi ham yoshlarda iliq taassurot qoldirdi. Shaxmat, futbol, voleybol, harbiy estafeta turlari boʻyicha musobaqalar, “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazildi.
“Jasorat maktabi” oʻquv-yigʻini yakunida musobaqalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan hamda mashgʻulotlarda faol qatnashgan 36 nafar ishtirokchi maxsus diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, viloyatda hozir profilaktik hisobda turgan yoshlar soni 1785 nafarni tashkil etadi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring