Professional tutingan oila xizmati yoʻlga qoʻyiladi

19:22 24 Dekabr 2025 Hujjatlar
526 0

Zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yoʻlga qoʻyiladi.

“2026–2030-yillarga moʻljallangan Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–256-son, 24.12.2025-y.) qabul qilindi. Bu haqida “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.

Farmonga koʻra, 2026-yil 1-fevraldan zoʻravonlik natijasida oilasidan olingan va oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yoʻlga qoʻyiladi.

Professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar bolalardagi zoʻravonlik natijasida olingan ruhiy jarohatning salbiy taʼsirini kamaytirish, xulq-atvoridagi ogʻishishlar va ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida oʻqitiladi.

Zoʻravonlik natijasida oilasidan olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilaga “Inson” markazlari va mazkur oilalar oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi.

Professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida mablagʻ toʻlab boriladi.

Bunday oilaga joylashtirilgan har bir bolaning yashash xarajatlari uchun qonunchilikka muvofiq oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining yashash xarajatlari uchun belgilangan miqdorlarda mablagʻ ajratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?