Prezidentlar Xivaning tarixiy obidalari bilan tanishdi

19:34 05 Aprel 2024 Siyosat
582 0

Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimgi Xivaning Ichan-qalʼa majmuasi tarixiy obidalari va Nurillaboy saroyini ziyorat qildi.

“Ochiq osmon ostidagi muzey” sifatida tanilgan Xiva yaxlit yodgorlik sifatida Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan yagona shahardir. Bu yerda 120 dan ortiq meʼmoriy obidalar joylashgan.

1990-yilda Xiva shahri YUNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan, 1997-yilda uning 2500-yilligi nishonlangan. 2020-yilda shahar Turkiy dunyoning madaniy poytaxti deb eʼlon qilindi, 2024-yilda esa islom dunyosining turizm poytaxti boʻldi.

Nurillaboy saroyi XX asr boshlarida bunyod etilgan. Majmua madrasa, 100 dan ortiq xonalar, galereyalardan iborat. Saroy xonalarini bezashda nafaqat xivalik mohir ustalar, balki chet ellik rassom-dekoratorlar ham ishtirok etganlar, ular saroyning sharqona qiyofasiga Yevropaning modern uslubini singdirganlar. Xonalarning ichki koʻrinish, kaminlari, Venetsiya oynalari va tilla suvi yugurtirilgan bronzadan ishlangan, billur ilgakli qandillari bilan ajralib turadi.

Xiva tarixi va uning fan rivojiga qoʻshgan hissasi, shuningdek, hududning boy madaniyati va sanʼati haqidagi hikoyalar qozogʻistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?