Prezidentga qishloq xoʻjaligida xalqaro hamkorlikdagi loyihalar haqida axborot berildi

17:24 03 Mart 2025 Siyosat
267 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-mart kuni qishloq xoʻjaligi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Yurtimiz agrosanoati samaradorlik va bozor munosabatlari jihatidan isloh qilinmoqda. Sohaga ilgʻor agrotexnologiyalar, ilm-fan yutuqlari keng joriy etilmoqda.

Bir guruh mutaxassislarimiz yaqinda Xitoy, Italiya, Yaponiyaga borib, ilmiy institutlar, yirik kompaniya va xoʻjaliklar tajribasini oʻrgandi. Shu asosida yangi hamkorlik rejalari ishlab chiqildi.

Maʼlumki, yuqori hosildorlikning birinchi omili bu urugʻchilik. Xitoy qishloq xoʻjaligi akademiyasi ekinlar urugʻi va koʻchatchiligida katta tajribaga ega. Bizda esa qishloq xoʻjaligi boʻyicha 14 ta ilmiy institut, 55 ta urugʻchilik xoʻjaligi boʻlgani bilan, yangi nav va agrotexnologiya masalasida oqsoqlik bor. Dehqonlar mahalliy urugʻdan manfaat koʻrmagani uchun chet elnikini ekayapti.

Shu bois Yuqori Chirchiq tumanidagi Agroxizmatlar markazida Xitoy tajribasi asosida urugʻchilik va koʻchatchilikni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Buning uchun 200 million dollar sarmoya kiritilib, paxta, bugʻdoy, sholi, makka, uzum va meva navlari koʻpaytiriladi. Urugʻ olishdan boshlab, uni zamonaviy texnika va dronlar yordamida ekish, dorilash, yigʻish va qayta ishlash boʻyicha namunaviy hudud tashkil qilinadi.

Soha uchun yana bir dolzarb masala – malakali kadrlar. Bu borada Italiyada yaxshi taʼlim tizimi bor. Birgina Bolonya universiteti Yevropani malakali mutaxassislar bilan taʼminlashda katta oʻrin tutadi. Ilmiy institutlar xususiy sektor bilan hamkorlik qilib, buyurtma asosida sifatli navlarni yaratib, tijoratlashtirayapti.

Ushbu tajribalarni oʻrganish maqsadida Italiyadagi Bolonya, Tushia, Ferrara, Piza oliygohlariga bu yil 200 nafar yoshlarimizni yuborish koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, Tushia universitetida yiliga 30 nafar oziq-ovqat texnologini grant asosida oʻqitish, yurtimizda kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish taklifini bildirgan.

Dunyo tajribasini oʻrganishda oʻqib, ishlash dasturlari ham qoʻl keladi. Masalan, Samarqand agrar instituti, Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti oʻtgan yili bir guruh talabalarni Germaniya va Angliyaga yuborgan. Toshkent davlat agrar hamda Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetlari, Fargʻona oziq-ovqat institutida talabalarni Yaponiyaga yuborish uchun yapon tili markazlari tashkil etilmoqda.

Taqdimotda rejalar qoʻllab-quvvatlanib, bunday hamkorlikni Vengriya, Niderlandiya, Kanada, Avstraliya, Janubiy Koreya kabi agrosanoat rivojlangan davlatlar bilan ham kengaytirish zarurligi taʼkidlandi. Qishloq xoʻjaligi vazirligiga hududlarda innovatsion loyihalarni koʻpaytirish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер