Prezident Yangihayot tumanidagi farmatsevtika korxonasida boʻldi
Davlatimiz rahbari poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi “Dentafill Plyus” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Bu korxona 2019-yilda ishga tushirilgan. Shveysariya, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Malayziya va Janubiy Koreyadan eng zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatilgan. Bugun bu yerda 20 dan ortiq farmakologik guruhga mansub 172 dan ziyod dori vositasi va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarilmoqda. Yillik quvvat 60 million dona.
Prezident korxona ishlab chiqarilgan dori vositalarini koʻzdan kechirdi.
— Farmatsevtika boʻyicha katta imkoniyatlarimiz boʻla turib, bundan foydalanilmas edi. Hozirgacha katta xarajatlar evaziga chetdan dori-darmon olib kelinyapti. Shuning uchun biz zaminni mustahkam qilyapmiz. Avvalo, kadrlar tayyorlash, innovatsiyalarni joriy qilish, ilmni rivojlantirishga eʼtibor qaratyapmiz. Endi ishlab chiqarish ham sifatli boʻladi, - dedi davlatimiz rahbari.
Bu korxonaga Farmatsevtika instituti talabalarini jalb etib, nazariyani amaliyot bilan mutanosib olib borish zarurligi taʼkidlandi.
Korxonada Yevropaning yetakchi kompaniyalari, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti va Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti bilan muvaffaqiyatli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bu mahsulotlarning turini koʻpaytirish va sifatini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Masʼuliyati cheklangan jamiyatda mahalliylashtirish darajasi 65 foizga yetgan. Shveysariyaning BFS texnologiyasi asosida inyeksion preparatlarni polimer ampulalarda ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Lateks xomashyosidan jarrohlik qoʻlqoplarini ishlab chiqarish texnologiyasi ham oʻzlashtirildi. Korxonada 360 kishi ish bilan taʼminlangan.
Yiliga 25 million dona dori vositalari Kuvayt, Rossiya, Belarus, Gruziya, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
Hozir dunyoda tabiiy giyohlardan tayyorlangan dorilarga talab ortmoqda. Korxonada yurtimizda oʻsadigan dorivor oʻsimliklarni ekstraksiya qilish, ulardan turli mahsulotlar ishlab chiqarish ustida ham izlanishlar olib borilmoqda.
Prezidentimizga Toshkent viloyatining Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovatsion farmatsevtika klasteri qurilishining borishi haqida ham maʼlumot berildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan muloqot qildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring