Prezident temir yoʻl sohasidagi natijalar va kelgusi rejalar taqdimoti bilan tanishdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni temir yoʻl sohasida olib borilayotgan ishlar va kelgusi rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Oʻtgan yili 10-oktyabrda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilishga oid Prezident qarori qabul qilingan edi. Bu jarayonga koʻmaklashish maqsadida xalqaro konsalting kompaniyasi ham jalb etildi.
Jamiyat tarkibida infratuzilma, vagon xizmati, yoʻlovchilarni tashish kabilar bilan shugʻullanuvchi 6 ta mustaqil korxona ish boshladi. Samarasiz va bir-birini takrorlovchi vazifalar birlashtirilib, ortiqchalari qisqartirildi.
Poyezdlar tarkibiga 1 ming 40 ta yangi yuk va 45 ta yoʻlovchi vagoni qoʻshildi. Ichki yoʻnalishda yuk tashish muddati 2 karra qisqardi. “Keles” stansiyasida qoʻshimcha 2 ta elektrlashgan yoʻlni qurish orqali Toshkent atrofida poyezdlarni oʻtkazish imkoniyati 30 foizga oshdi.
Ilgari yillar davomida zararga ishlab kelgan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” bu islohotlar natijasida foyda koʻrishga oʻtdi.
Taqdimotda galdagi vazifalar, hal qilinishi lozim boʻlgan dolzarb masalalar ham koʻrib chiqildi.
Keyingi vaqtlarda yoʻlovchi vagonlarining ahvoli, sovutish tizimidagi muammolar boʻyicha koʻp eʼtirozlar boʻlmoqda. 143 ta vagon taʼmirtalab. 59 ta lokomotiv xizmat muddatini oʻtab boʻlgan.
Shuning uchun yangi yoʻlovchi vagonlar ishlab chiqarishga Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasidan 50 million dollar ajratilmoqda. 38 ta lokomotiv olib kelish va 12 ta elektrovozni modernizatsiya qilish boʻyicha xitoylik hamkorlar bilan 181 million dollarlik kelishuvga erishilgan.
Mutasaddilar ushbu mablagʻlar hisobidan poyezdlar parkini yangilash rejalari boʻyicha axborot berdi.
Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili qoraqalpogʻistonlik saylovchilar bilan uchrashuvda Toshkentdan Nukusga tezyurar poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilishini aytgan edi.
Buning uchun Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan 6 ta zamonaviy elektropoyezd olib kelinishi belgilangan. Hozirgi kunda uzunligi 465 kilometr boʻlgan “Buxoro-Urganch-Xiva” temir yoʻli elektrlashtirilmoqda va buni yil oxirigacha yakunlash moʻljallangan. Kelgusi yillarda 196 kilometrlik “Miskin-Nukus” tarmogʻi elektrlashtiriladi. Natijada yoʻlovchilarning manzilga yetib borish vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.
Taqdimotda, shuningdek, aksiyadorlik jamiyatiga qarashli nosohaviy aktivlarni xususiylashtirish, sohada xizmatlar sifati va eksportini oshirish masalalari boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Hotdogdan choʻchqa yogʻigacha: maktab oshxonasida qanday oziq-ovqatlarni sotish taqiqlangan?
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- Talabalar diqqatiga: ijara pulining bir qismini qoplab berish boʻyicha onlayn ariza berish boshlandi
- Eldor Shomurodov “Roma”ning mavsumdagi debyut golini urdi. Italiyaliklar futbolchini “Oʻzbek Messi”si deb atamoqda (+video)
- Asila Mirzayorova Paralimpiya oʻyinlari rekordini oʻrnatdi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring