Prezident sunʼiy intellekt va IT sohasidagi startap loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

20:51 13 Avgust 2024 Siyosat
678 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-avgust kuni sunʼiy intellekt va IT sohasidagi startap loyihalarni rivojlantirish chora-tadbirlariga doir taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatimizda axborot texnologiyalari jadal rivojlantirilib, barcha sohalarda tatbiq etilmoqda. Bularning natijasida shu yilning oʻtgan davrida raqamli xizmatlar hajmi 21 trillion soʻmdan oshdi, yil yakuni bilan 43 trillion soʻmga yetishi kutilmoqda. Sohada 367 million dollarlik xizmatlar eksport qilindi. IT-park rezidentlari 577 taga koʻpayib, 2 mingtadan oshdi. Ularda ishlayotgan yoshlar soni esa 32 mingtaga yetdi.

Bu yil sogʻliqni saqlash, energetika, transport, taʼlim, qishloq va suv xoʻjaligi, qurilish kabi sohalarda 100 dan ortiq raqamlashtirish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Zamon shiddat bilan oʻzgarayapti. Jahonda har bir sohaga sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar kirib kelayapti. Bu borada yurtimizda ham qator loyihalar boshlangan.

Misol uchun, “MyID” va “UzFace” dasturlari 70 dan ortiq tashkilot, bank, elektron savdo maydonchalari va toʻlov tizimlarida joriy qilinib, 10 million foydalanuvchini masofaviy biometrik identifikatsiya qilish imkoniyati yaratildi. “Oʻzbekkosmos” sunʼiy intellektni qoʻllab, 43 mingga yaqin yer qaʼridan noqonuniy foydalanish va ruxsatsiz qurilish holatlarini aniqladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, bank, soliq, bojxona kabi sohalarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish chora-tadbirlari koʻrib chiqildi.

Avvalo, sunʼiy intellekt boʻyicha qonunchilik bazasini yaratish kerakligi qayd etildi. Sunʼiy intellektni joriy etish strategiyasi va ikki yillik loyihalar dasturini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Sunʼiy intellekt texnologiyalari markazini tashkil qilish boʻyicha topshiriq berildi.

Xususan, bank-moliya sohasida sunʼiy intellektni qoʻllashni kengaytirish, bu boʻyicha kadrlar tayyorlash va xodimlar malakasini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Bugungi kunda 4 ta universitetda sunʼiy intellekt boʻyicha kadrlar tayyorlanayapti. Hozirda katta maʼlumotlarni qayta ishlash va til modellari boʻyicha 600 nafar mutaxassisga talab bor. Bu kelgusi yillarda karrasiga oshadi. Shuni inobatga olib, sohalar kesimida talabga mos mutaxassislar tayyorlash muhimligi aytildi.

Dunyoning barcha ilgʻor IT kompaniyalari oʻz faoliyatini startapdan boshlagan. Bizda ham bu borada birinchi qadamlar tashlanayapti. Oʻtgan yili bunday loyihalar uchun jalb qilingan venchur investitsiyalar hajmi 134 million dollarni tashkil qilgan.

Davlatimiz rahbari startap loyihalarni moliyalashtirish uchun venchur investitsiyalarga keng sharoit yaratish vaqti kelganini taʼkidladi. Shu bois startap ekotizimini rivojlantirish, venchurli moliyalashtirish mexanizmlarini joriy qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер