Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisidagi nutqi

15:59 16 Noyabr 2022 Siyosat
850 0

Foto: president.uz

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Muhtaram mehmonlar!

 

Avvalo, Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi yigʻilishining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlayman.

Bugungi anjumanimizda jahonning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari boʻlgan siz, qadrli doʻstlarimiz va hamkorlarimizni koʻrib turganimdan gʻoyat mamnunman.

Katta ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan ushbu yigʻilishni tashkil etishda koʻrsatgan koʻmagi uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti hurmatli Odil Reno-Basso xonimga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman.

 

Aziz doʻstlar!

Bugungi kunda jahonda jiddiy global oʻzgarishlar yuz bermoqda.

Dunyo hamjamiyati pandemiyadan xalos boʻlishga ulgurmay, yangi qiyinchilik va sinovlarga duch kelmoqda. Turli ziddiyat va qarama-qarshiliklar tobora kuchayib bormoqda.

Chindan ham, bunday ogʻir va murakkab sharoitda oʻzaro ishonch va hurmatga asoslangan yaqin hamkorlikning ahamiyati har tomonlama ortib bormoqda.

Aynan shu sababli Xorijiy investorlar kengashining bugungi yigʻilishi alohida muhim ahamiyatga ega, desak, oʻylaymanki, toʻgʻri boʻladi.

 

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Sizlarga yaxshi maʼlumki, biz soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirib kelmoqdamiz.

Milliy iqtisodiyotning ochiqligini taʼminlash va uning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishni islohotlarning asosiy yoʻnalishi etib belgiladik.

Shu maqsadda valyuta bozorini erkinlashtirdik, xususiy investorlarga energetika, geologiya-qidiruv, kimyo va neft kimyosi, tibbiyot va taʼlim kabi sohalarda faoliyat yuritish imkoniyatlarini kengaytirdik.

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi.

Bu boradagi ishlarni tizimli muvofiqlashtirib borish uchun alohida agentlik tashkil etildi.

Zamonaviy iqtisodiyot drayveri boʻlgan xususiy biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inqilobiy qarorlar qabul qildik. Bu sohada ikki yuzdan ortiq litsenziya va ruxsatnomalarni bekor qildik.

Soliqlarning umumiy soni 13 tadan 9 taga qisqardi, ayrim soliq stavkalari 2 barobarga tushirildi. Kelgusi yildan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 15 foizdan 12 foizga kamaytiriladi.

Biz milliy iqtisodiyotimiz rivoji uchun xorijiy investitsiyalar qanchalik zarur ekanini juda yaxshi tushunamiz.

Shu bois investorlarning huquqiy maqomini aniq belgilash va ularning manfaatlarini himoya qilish uchun investitsiyalar toʻgʻrisida alohida qonun qabul qildik.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida biznes–ombudsman instituti joriy etildi.

Ana shunday chora-tadbirlar global miqyosdagi beqarorlik va inqirozlar sharoitida ham milliy iqtisodiyotimiz oʻsishini taʼminlashga yordam berdi.

Xususan, pandemiya avj olgan davrda, tashqi bozorlardagi ogʻir vaziyatga qaramasdan, iqtisodiy oʻsishning ijobiy dinamikasini saqlab qoldik.

Oʻtgan yili bu koʻrsatkich 7 foizdan oshdi. Joriy yilda ham iqtisodiyotimiz oʻsishda davom etayapti.

Fursatdan foydalanib, islohotlarimizni qoʻllab-quvvatlab, biz bilan hamkorlik qilib kelayotgan barcha biznes vakillariga chuqur minnatdorchilik bildiraman.

 

Hurmatli investorlar!

Qulay investitsiya muhitini yaratish boʻyicha amalga oshirgan islohotlarimiz natijasida soʻnggi 5 yilda iqtisodiyotimizga kirib kelgan xorijiy investitsiyalar hajmi 10 baravar oshib, qariyb 40 milliard dollarni tashkil etdi.

Biz 10 yil ichida yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgidan ikki barobarga oshirishni maqsad qilganmiz. Bunga erishish uchun bizda xohish-iroda ham, imkoniyat ham yetarli.

Oʻz oldimizga qoʻygan bunday yuksak marralar uchun sarmoyalar hajmini kelgusi 5 yilda 120 milliard dollarga yetkazish, jumladan, kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilishni hisob-kitob qilganmiz.

Ushbu investitsiyalarni, eng avvalo, sanoat sohalarini modernizatsiya va transformatsiya qilish, ishlab chiqarish, kommunal va transport infratuzilmasini jadal rivojlantirishga yoʻnaltirish uchun aniq loyihalar va dasturlarimiz bor.

Shuningdek, taʼlim va sogʻliqni saqlash kabi davlat qaramogʻidagi anʼanaviy sohalarga ham xususiy investitsiyalar jalb qilish kun tartibimizda turadi.

Biz xorijiy investorlarni oʻzaro manfaatli yangi loyihalarni ishlab chiqish va birgalikda amalga oshirishga chaqiramiz.

Sizlarni ishontirib aytmoqchimanki, Yangi Oʻzbekistonda investorlar oʻzini erkin his qilishi, ertangi kunga katta ishonch bilan barqaror ishlashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beramiz.

Aynan shuning uchun bizga yaqin doʻst, xayrixoh boʻlgan eng ishonchli investorlar ishtirokida yangi Kengashni tashkil etmoqdamiz.

Sizlar bilan uzoq muddatli, oʻzaro manfaatli investitsion hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishimizga aminman.

 

Qadrli doʻstlar!

Sizlarni ishontirib aytmoqchimanki, biz yurtimizda ochiq, jadal rivojlanayotgan zamonaviy davlat qurish maqsadida boshlangan islohotlar yoʻlidan ortga qaytmaymiz.

Ishonchim komil, sizlarning har biringizda aniq va konstruktiv takliflar bor.

Sizlarning koʻmagingiz bilan biz Kengash doirasida rivojlantirmoqchi boʻlgan bir qator sohalarga qisqacha toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Birinchidan, biz qonun ustuvorligini Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining bosh tamoyillaridan biri etib belgiladik.

Keyingi yillarda yurtimizda xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash va mulkdorlar huquqlarini himoya qilish borasida misli koʻrilmagan choralar hayotga joriy etildi.

Bundan buyon fuqaro va tadbirkorlarga mulk huquqini soʻzsiz taʼminlash va himoya qilish shaffof va adolatli sud-huquq tizimi tomonidan kafolatlanadi.

Biz kuni kecha sud sohasiga bagʻishlangan majlisda bu borada islohotlarning navbatdagi bosqichidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilab oldik.

Oʻzbekistonda ilgʻor xorijiy amaliyot va tajribani joriy etish maqsadida Xorijiy investorlar kengashi huzurida doimiy faoliyat yuritadigan Investorlarning huquqini himoya qilish qoʻmitasini tashkil qilishni taklif etaman.

Ikkinchidan, biz bank-moliya sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish niyatidamiz.

Gap mazkur sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish, xorijiy banklarni Oʻzbekistonga faol jalb etish, samarali fond bozorini shakllantirish haqida bormoqda.

Bu zalda bank sohasiga investitsiya kiritgan xorijiy hamkorlarimizni koʻrish bizga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.

Biz xorijiy sarmoyadorlarning bank-moliya sohasini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tashabbuslari uchun ochiqmiz.

Uchinchidan, iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish va xususiylashtirishni yanada chuqurlashtirish asosiy maqsadlarimizdan biri boʻlib qoladi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda 1 ming 200 ta davlat korxonalari xususiylashtirildi. Kelgusi yilning oʻzida yana mingga yaqin korxona va koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirishni rejalashtirganmiz.

Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik mexanizmini iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga faol tatbiq etmoqdamiz.

Qisqa muddatda mazkur yoʻnalishda sezilarli natijalarga erishdik.

Birgina energetika sohasida Oʻzbekiston ushbu mexanizmlardan foydalangan holda 8 milliard dollardan ortiq mablagʻni jalb etdi.

Bu loyihalarga sarmoya tikib borayotgan hamkorlarimizni ham bugun tadbirda koʻrib turganimdan mamnunman.

Kengash aʼzolarini xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik dasturlarida faol ishtirok etishga taklif qilamiz.

Toʻrtinchidan, Oʻzbekistonning boy tabiiy resurslarini oʻzlashtirishda katta imkoniyatlar mavjud.

Xabaringiz bor, mamlakatimiz oltin zaxiralari boʻyicha dunyoda 2-oʻrin, mis boʻyicha 7-oʻrin, volfram boʻyicha 8-oʻrin, kumush boʻyicha 9-oʻrin, uran boʻyicha 12-oʻrinni egallaydi.

Foydali qazilma konlarini oʻzlashtirish sohasiga yirik investitsiyalarni jalb etish maqsadida geologik maʼlumotlarni ochiq eʼlon qildik.

Oʻndan ortiq turdagi strategik foydali qazilmalarni oʻzlashtirish uchun soliq stavkalarini pasaytirdik, yer soligʻini bekor qildik, maxsus texnikalarni bojxona toʻlovlaridan ozod etdik.

Biz xomashyoni chuqur qayta ishlash boʻyicha aniq loyihalarni tayyorladik.

Birgina misol. Oʻzbekistonda yiliga 150 ming tonna mis qazib olinadi va uning atigi 70 ming tonnasi qayta ishlanadi.

Yaqin yillarda mis ishlab chiqarish hajmini 500 ming tonnaga yetkazamiz.

Shu munosabat bilan mis klasterini barpo etishga kirishdik.

Uning hududida mis folgasi, elektrodvigatellar, quyosh panellari, kabel-oʻtkazgich mahsulotlari va boshqa yuqori qoʻshilgan qiymatli tovarlarni ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshira boshladik.

Bundan tashqari, elektromobillarni ishlab chiqarish tarmogʻiga asos solish niyatidamiz.

Siz, hurmatli investorlarni ushbu yoʻnalishlarda amaliy hamkorlik qilishga daʼvat etamiz.

Beshinchidan, Oʻzbekistonda raqamlashtirish sohasiga investitsiyalarni jalb etishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Biz “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini qabul qildik.

Ushbu hujjatda barcha muhim sohalarni raqamlashtirish nazarda tutilgan.

Biz mamlakatimiz hududlarida IT-parklarni tashkil etmoqdamiz.

Bunday parklar rezidentlari barcha soliqlardan va yigʻimlardan ozod qilingan.

Xorijiy investorlar va texnologiyalarning faol ishtirokisiz ushbu sohani rivojlantirish mumkin emasligini yaxshi tushunamiz.

Shu sababli Kengash aʼzolari bilan mazkur yoʻnalishda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda samarali hamkorlikka umid qilamiz.

Oltinchidan, Oʻzbekiston “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish jarayonida faol qatnashmoqda.

Qabul qilingan Strategiyamizga muvofiq, 2026-yilga borib muqobil manbalardan olinadigan energiyaning umumiy generatsiyadagi ulushini 25 foizga yetkazamiz.

Shu bilan birga, ilmiy-texnik salohiyatni rivojlantirish va qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratishni moʻljallamoqdamiz.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Jahon banki bilan birga 2050-yilgacha milliy iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish strategiyasini ishlab chiqishga kirishdik.

“Yashil” loyihalarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni davom ettirishdan manfaatdormiz va ularda Kengash aʼzolarining ishtirokini qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz.

 

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Afsuski, ajratilgan vaqt hamkorlikning barcha istiqbolli yoʻnalishlarini batafsil muhokama qilish imkonini bermaydi.

Shuning uchun xorijiy investorlar bilan ishlashni quyidagi tartibda tashkil etish zarur, deb hisoblayman.

Qayd etilgan har bir ustuvor yoʻnalishni amalga oshirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida Sarmoyadorlarni qoʻllab-quvvatlash ishchi guruhi tashkil etiladi.

Ushbu ishchi guruh Xorijiy investorlar kengashi huzurida faoliyat yuritadi hamda chet ellik sarmoyadorlarni kompleks va tizimli ravishda qoʻllab-quvvatlash bilan shugʻullanadi.

Xususan, investorni aeroportda kutib olishdan tortib, biznes uchun zarur ruxsatnoma va litsenziyalar berishgacha boʻlgan barcha xizmatlarni “yagona oyna” tamoyili asosida koʻrsatadi.

Yangi ishchi guruhning faoliyatini Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Laziz Kudratov muvofiqlashtirib boradi.

U boshqa barcha masalalardan ozod qilinib, bor eʼtiborini faqat investorlar bilan ishlashga qaratadi.

Bosh vazir oʻrinbosarlari J.Xodjayev, J.Qoʻchqorov, J.Mirzamaxmudov oʻz yoʻnalishlari boʻyicha kelib tushadigan murojaatlarni ijobiy hal etishni taʼminlaydi.

Ishchi guruh Kengash kotibiyati bilan, xorijiy investorlar takliflari asosida, aniq loyihalar, ularni amalga oshirish uchun qonunchilikni takomillashtirish, muddatlar va masʼul ijrochilar belgilangan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishi lozim.

***

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Birinchi navbatda, bildirgan qimmatli gʻoya va takliflaringiz uchun barchangizga oʻzimning chuqur tashakkurimni izhor qilmoqchiman.

Oʻzbekiston bilan konstruktiv va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish borasidagi eʼtiboringiz va qatʼiy niyatlaringizni yuksak qadrlayman.

Takror aytaman: Oʻzbekistonda biznesingiz muvaffaqiyatli boʻlishi, mamlakatimizda oʻzingizni ishonchli, erkin va qulay his etishingiz uchun barcha choralarni koʻramiz.

Sizlar bergan takliflar alohida “yoʻl xaritalari”ga kiritiladi.

Yana bir bor hurmatli Odil Reno-Basso xonimga Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi barcha islohot va oʻzgarishlarni doimiy qoʻllab-quvvatlab kelayotgani hamda qoʻshma dastur va tashabbuslarni samarali amalga oshirayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman.

Barchangizga sihat-salomatlik, ezgu faoliyatingizga ulkan yutuqlar tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?