Prezident Shavkat Mirziyoyevning ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga tabrigi

13:10 25 Oktyabr 2022 Siyosat
422 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Hurmatli ichki ishlar tizimi xodimlari!

Qadrli ofitser va generallar, serjant va safdorlar!

Muhtaram faxriylar!

Avvalo, sizlarni 25-oktyabr – Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Hech shubhasiz, xalqimiz sizlarni oʻz hayotini el-yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek olijanob ishga bagʻishlagan, muqaddas qasamyodiga sodiq insonlar deb biladi va mashaqqatli xizmatingizni munosib eʼtirof etadi.

Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida olib borayotgan islohotlarimizni hayotga muvaffaqiyatli joriy etishda ichki ishlar tizimi xodimlari davlatimiz va jamiyatimizning mustahkam tayanchi boʻlib xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda dunyoda hukm surayotgan murakkab va tahlikali sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlash, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash qanchalik muhim vazifa ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. Shu bois, keyingi yillarda ichki ishlar tizimini isloh qilishga ustuvor eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada barcha hududlarimizda xavfsiz sharoit yaratish, tinchlik va osoyishtalikka qarshi tahdidlarga toʻliq barham berish maqsadida ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining jamoat xavfsizligi konsepsiyasi hamda 2022-2025-yillarda jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini rivojlantirish strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda.

Mazkur hujjatlarga asosan, ilk bor har bir tuman va shaharda fuqarolar xavfsizligini ishonchli taʼminlash boʻyicha 10 ta davlat idorasining hamkorlikda ishlash mexanizmlari va vazifalari belgilab berildi. Fuqarolar huquqlarini himoya qilish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan zamonaviy ish uslublari amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Jinoyatchilikning oldini olish, uning sabablarini bartaraf etish maqsadida huquqbuzarliklarni “mahallabay” va «sohabay» muhokama qilish tizimi joriy qilindi. Jinoyatlar nisbatan koʻp sodir etilgan mahallalarda tashkil etilgan huquq-tartibot maskanlarida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning birgalikdagi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqiy madaniyatni keng targʻib etish hamda turli salbiy illatlarning oldini olish maqsadida maktablarda 2 mingdan ortiq inspektor-psixolog lavozimlari joriy etildi va bu oʻzining dastlabki ijobiy samaralarini bermoqda.

Profilaktika inspektorining mahallada hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikdagi faoliyatining yoʻlga qoʻyilgani koʻplab huquqbuzarliklarga barham berish hamda xotin-qizlarni zoʻravonlik va turli tazyiqlardan himoya qilish uchun sharoit yaratmoqda.

Ichki ishlar organlarining kundalik faoliyatini innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va ilm-fan yutuqlariga tayangan holda tashkil etish, fuqarolarning hayoti, qadr-qimmati va mol-mulkini kibermakonda ishonchli himoya qilish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalar asosida samarali metodikalar ishlab chiqilayotganini alohida taʼkidlash lozim.

Oʻtgan yildan boshlab jinoyat va huquqbuzarlik holatlari boʻyicha barcha ariza va xabarlarni avtomatlashtirilgan tarzda qayd etuvchi “102” tizimi joriy qilindi. Viloyat markazlari va yirik tumanlarda 75 ta situatsion markazlarning tashkil etilgani koʻcha va jamoat joylarida vaziyatni masofadan turib kuzatish hamda aholi osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan kuch va vositalarni samarali boshqarish imkoniyatini yaratdi.

Hayotimizning barcha jabhalari qatori ichki ishlar organlari faoliyatini liberallashtirish, sohada ochiqlik va oshkoralik muhitini kuchaytirish, insonparvar va xalqchil tizimga aylantirish maqsadida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali fuqaroning shaxsini aniqlash uchun uni ichki ishlar organlariga olib kelish amaliyotidan voz kechib, elektron qurilma yordamida aniqlash tizimini joriy etish ustida ishlar olib borilmoqda.

Oʻtgan yili qabul qilingan “Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi”ning hayotga izchil tatbiq etilishi natijasida soha xodimlarida vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, ularning maʼnaviy dunyoqarashini boyitish, muomala madaniyatini yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar aholi bilan ishlash amaliyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Tizimda erishilgan yutuqlarning yorqin namunasi sifatida maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot yoʻnalishi boʻyicha “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida Ichki ishlar vazirligi jamoasi 2021-yilda ikkinchi oʻrinni, joriy yilda esa faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritganligini alohida eʼtirof etish joiz.

Hurmatli soha vakillari!

Ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, uning tarkibiy tuzilmalarini optimallashtirish, aholi osoyishtaligini taʼminlash, sohada korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlarimiz bundan keyin ham izchil davom ettiriladi.

Bugungi kunda mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, keyingi yillarda orttirgan tajribamizdan, ilgʻor xorijiy yutuqlardan foydalangan holda, sohadagi islohotlarni yangi bosqichga koʻtarish eng muhim vazifalardan biridir.

Bu borada mamlakatimizda “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan qoidani hayotga tatbiq etishda avvalo xalqqa eng yaqin kasb egalari sifatida ichki ishlar xodimlarining oʻzlari barchaga oʻrnak va namuna boʻlishlari zarur, deb oʻylayman.

Tizimga zamonaviy texnologiyalar va ish uslublarni joriy etish, professional yetuk kadrlarni tayyorlash, soha xodimlarini ijtimoiy va huquqiy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish kabi masalalarga alohida ahamiyat qaratishimiz lozim.

Ichki ishlar tizimidagi islohotlarimizning amaliy natijasini sohaning har bir xodimi, birinchi navbatda, xalqimiz oʻzining kundalik hayotida sezishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Fursatdan foydalanib, fidokorona mehnatingiz, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatingiz uchun barcha yurtdoshlarimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.

Sizlarni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga mustahkam sogʻliq, oilangizga fayzu baraka, masʼuliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

 

                                                                                                                                         Shavkat MIRZIYOYEV,

                                                                                                                    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?