Prezident Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi

14:14 30 Oktyabr 2025 Siyosat
155 0

30-oktyabr kuni Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini muzokara oʻtkazdilar.

Oʻzbekiston bilan Slovakiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb jihatlari koʻrib chiqildi.

Barcha darajalarda ikki tomonlama almashinuvlar ijobiy surʼat bilan davom etayotgani, shuningdek, ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlik mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Joriy yilda siyosiy maslahatlashuvlar va Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Ishbilarmonlik aloqalari faollashdi. Qoʻshma korxonalar soni uch barobar koʻpaydi.

Tovar ayirboshlash va investitsiyalarning hajmini oshirish, shuningdek, muhim tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasi loyihalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekistondan toʻqimachilik, charm, meva-sabzavot va boshqa xaridorgir mahsulotlar, Slovakiyadan kauchuk, avtomobillar uchun butlovchi qismlar, farmatsevtika va boshqa sanoat tovarlari yetkazib berishni koʻpaytirishga kelishib olindi. Shu maqsadda milliy mahsulotlar koʻrgazmalarini oʻtkazish, savdo uylarini ochish rejalashtirilgan.

Raqamlashtirishni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Banklarning kiberxavfsizlik monitoringini yuritish va yuk tashishlarni kuzatishning ilgʻor tizimlarini joriy etish boʻyicha qoʻshma markaz tashkil qilish masalasini ishlab chiqish taklif qilindi.

Slovakiya biznesi bilan avtomobil butlovchi qismlar, tayyor sut mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorlik bildirildi.

Gumanitar va taʼlim almashinuvlarini faollashtirish istiqbollari koʻrib chiqildi. 2026-yilda Bratislava shahrida ikki mamlakat rektorlarining birinchi forumini oʻtkazish, turizm koʻrgazmalari va oʻzaro Turizm kunlarini tashkil etish taklif qilindi. Tartibli mehnat migratsiyasini yoʻlga qoʻyish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.

Koʻp tomonlama maydonlarda oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер