Prezident Shavkat Mirziyoyev Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan mukofotlangan soha vakillaridan bir guruhiga davlatimizning faxriy unvon, orden va medallarini tantanali ravishda topshirdi
Kecha, 9-noyabr kuni, Prezident Shavkat Mirziyoyev Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.
Bugun Toshkent davlat tibbiyot universitetida davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor boʻlgan soha vakillariga mukofotlarni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Ular orasida dunyoning nufuzli oliygohlarida taʼlim va tajriba olib, yurtimizga qaytib ishlayotgan, yuqori texnologik muolajalarni amalga oshirayotgan yosh shifokorlar, aholimiz salomatligini saqlashda yaqindan koʻmak berayotgan xorijiy hamkorlar ham bor.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, odamlarni ishli va daromadli qilish, yoshlarga zamonaviy bilim va tarbiya berish, xalqimiz salomatligini mustahkamlash boʻyicha islohotlar jadal olib borilayotganini taʼkidladi.
Natijada birlamchi tibbiyot muassasalarining quvvati 60 foizga oshib, tibbiy xizmat aholiga ancha yaqinlashdi. Ilgari asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik va diagnostika-davolash usullarining 400 dan ortigʻi hududlarda amalga oshirilmoqda. Yuzlab murakkab amaliyotlar viloyat markazlariga, kam invaziv operatsiyalar esa tuman darajasiga tushirildi.
– Birinchi marta 45 ta tumanda buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani inson salomatligi borasidagi ishlarimizning yaqqol amaliy tasdigʻidir, – dedi Prezidentimiz. – Yurtimizda oʻrtacha umr davomiyligi erkaklar oʻrtasida 71 dan 73 yoshga, xotin-qizlar orasida esa 76 dan 77,5 yoshga uzaygani sizlar bilan erishgan katta yutugʻimiz, desam toʻgʻri boʻladi. Albatta, mashaqqatli mehnat mahsuli boʻlgan bunday ezgu ishlarda 600 mingdan ziyod jonkuyar tibbiyot xodimlarining munosib hissasini eʼtirof etib, har qancha rahmat aytsak, arziydi.
Prezidentimiz davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirib, taqdirlanganlarni butun xalqimiz nomidan tabrikladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring