Prezident shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolariga tabrik yoʻlladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Qadrli farzandlarim!
Avvalo, siz, azizlarni Vengriyaning Budapesht shahrida boʻlib oʻtgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida munosib ishtirok etib, qariyb 200 ta davlat vakillari orasida faxrli uchinchi oʻrinni egallab, oʻzbek shaxmati tarixida yana bir yorqin sahifa ochganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Gʻoyat keskin va murosasiz musobaqalarda sizlar yuksak aql-zakovat, mustahkam iroda va matonat fazilatlarini namoyon etib, Xitoy, Serbiya, Armaniston, Germaniya, Ozarbayjon, Sloveniya, Ispaniya kabi manaman degan davlatlarning jamoalarini ortda qoldirganingiz ulkan tahsin va tasannolarga sazovordir.
Sizlarning timsolingizda Yangi Oʻzbekiston yoshlari mana shunday aql va tafakkur bellashuvlarida qanday baland marralarni egallashga qodir ekanini koʻrib, qalblarimiz faxr-iftixor tuygʻulariga toʻlmoqda.
Ushbu musobaqada yuksak intellektual salohiyatini namoyish etgan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidov kabi oʻgʻlonlarimiz erishgan natijalar biz uchun juda qadrlidir.
Ayniqsa, taxtalar kesimida Shamsiddin Vohidov oltin medalni, Nodirbek Abdusattorov kumush medalni qoʻlga kiritib, naqadar katta mahorat egasi ekanlarini yana bir bor isbotlaganlarini alohida taʼkidlash lozim.
Mard va jasur oʻgʻlonlarimiz qatorida Afroʻza Hamdamova, Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova, Nodira Nodirjonova singari azmu shijoatli shaxmatchi qizlarimiz ham musobaqalarda munosib ishtirok etib, bor kuch-gʻayrati va mahorati bilan Vatanimiz sharafini himoya qildilar.
Ular oʻtgan olimpiadada koʻrsatgan natijalarini yaxshilab, 170 mamlakat oʻrtasida 12-oʻrinni egallaganlari albatta eʼtiborga molikdir. Matonatli qizimiz Nodira Nodirjonova taxtalar kesimida faxrli 2-oʻrinni egallab, kumush medal bilan taqdirlangani ayniqsa quvonchlidir. Ularning barchasini samimiy qutlab, kelgusi musobaqalarda sovrinli oʻrinlarni zabt etishlarini tilayman.
Albatta, Oʻzbekiston shaxmat ustalari qoʻlga kiritgan ulkan yutuq Yangi Oʻzbekistonda yoshlarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, sport va uning eng intellektual turi boʻlgan shaxmatni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarimizning amaliy natijasi, desak, toʻgʻri boʻladi.
Hech shubhasiz, bunday muvaffaqiyatlar xalqimizni ezgu maqsadlar yoʻlida yanada birlashtiradi, ming-minglab yoshlarimiz uchun ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, siz, aziz farzandlarimga, erishgan yutuqlaringizga katta hissa qoʻshgan tajribali ustoz va murabbiylaringiz, butun jamoangiz aʼzolariga, sizlarni qoʻllab-quvvatlab turgan ota-onalaringiz va barcha muxlislaringizga oʻz nomimdan, butun xalqimiz nomidan chin dildan samimiy minnatdorlik bildiraman.
Sizlarga jonajon Oʻzbekistonimiz 2026-yilda ilk bor mezbonlik qiladigan navbatdagi jahon shaxmat olimpiadasida ham eng yuksak choʻqqilarni zabt etish nasib etsin!
Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va saodat, kelgusidagi oʻqish va ishlaringizda katta muvaffaqiyatlar tilayman. Zafarli yurishlaringiz doimo bardavom boʻlsin, aziz farzandlarim!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Toshkentda diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar oʻrtasida XІX xalqaro mini-futbol turniri tashkil etildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring