Prezident saylovini oʻtkazuvchi okrug komissiyalari aʼzolari oʻqitildi

19:14 22 May 2023 Jamiyat
653 0

Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan “Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi” asosida okrug komissiyalari aʼzolari uchun saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda okrug saylov komissiyalari oldidagi asosiy vazifalar mavzusida oʻquv-amaliy mashgʻulot tashkil etildi.

Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti va Huquqni muhofaza qilish akademiyasining professor-oʻqituvchilaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan olib borilgan oʻquv-mashgʻulotida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 42 nafar okrug komissiyalarining aʼzolari ishtirok etdi.

Oʻquv mashgʻulotlarining maqsadi saylov oʻtkazuvchi okrug komissiyalari aʼzolarining saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishdagi asosiy vazifalari, saylov jarayonlarini umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlariga rioya etilgan holda, Saylov kodeksi talablari asosida, uyushqoqlik bilan tashkil etishdagi koʻnikmalarini oshirishdan iborat boʻldi.

Seminar-treningda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tashkil etish va oʻtkazishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari hamda Markaziy saylov komissiyasining qarorlari, Saylov kalendar rejasining oʻziga xos xususiyatlari, saylovchilar roʻyxatini shakllantirish va ushbu roʻyxatlar bilan ishlashda okrug saylov komissiyalari oldida turgan vazifalar, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, ovoz berish kuniga tayyorgarlik, okrug saylov komissiyasining saylov jarayoni ishtirokchilari bilan hamkorligi, okrug saylov komissiyalari faoliyatini moliyalashtirish tartibi, saylov okrugi boʻyicha ovoz berish yakunlarini aniqlash kabi mavzular muhokama etildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi saylov okruglari va uchastkalari uchun binolarni tanlash, ovoz berish xonalarini jihozlashga qoʻyilgan talablar yuzasidan amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Nazariy va amaliy mashgʻulotlardan iborat oʻquv-mashgʻulotining yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?