Prezident raisligida Navoiy viloyati iqtisodiyotini oʻstirish masalalari koʻrib chiqilmoqda

11:59 01 Noyabr 2024 Siyosat
178 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yigʻilishda buyuk bobomiz nomi bilan ataladigan Navoiy viloyati maʼnaviy tarbiya, maʼrifiy yuksalish yoʻlida barchaga oʻrnak va namuna boʻlishi, taʼbir joiz boʻlsa, yurtimizning maʼnaviy brendiga aylanishi zarurligi taʼkidlandi.

Masalan, 2017-yil Andijon viloyatida “Bobur yili” deb eʼlon qilinib, shu asosda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgan edi. Prezident mana shunday ijobiy tajribani Navoiy viloyatida ham qoʻllab, yangi – 2025-yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilishni taklif qildi.

Bu yil doirasida “Hazrat Navoiyni anglash – oʻzligimizni anglash” mavzusida Prezident sovgʻasi uchun respublika tanlovi tashkil etiladi. Har bir mahalla, maktab, oliygohlar va mehnat jamoalarida “Navoiyxonlik kechalari” oʻtkaziladi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida viloyatning shahar va tumanlari, qishloqlarida Navoiy bobomizga atab yangi bogʻlar, soʻlim xiyobonlar, yashil hududlar tashkil etiladi.

Quriladigan Yangi Oʻzbekiston bogʻida Alisher Navoiyga bagʻishlab memorial muzey tashkil etiladi.

Yigʻilishda asosiy masala – Navoiy viloyati iqtisodiyotini oʻstirish, investitsiya, eksport va pirovardida, odamlar daromadini koʻpaytirish masalalari koʻrib chiqilmoqda.

Viloyat respublikamizning qoq markazida joylashgan, boy tabiiy resurslar, yetarli infratuzilma va inson salohiyatiga ega hudud.

Soʻnggi uch yilda navoiylik yoshlar oliygohga kirish boʻyicha 1-oʻrinni egallab kelmoqda. Bogʻcha qamrovi 85 foizga yetib, respublikada 2-oʻringa chiqdi.

Xalqimiz qazilma boyliklarining 20 foizi Navoiy zaminida. Viloyatda har yili 100 trillion soʻmdan ortiq sanoat mahsuloti yaratilmoqda. Hozirda viloyatda 15 milliard kilovatt soat elektr energiyasi chiqarilayapti, yana 5,2 gigavattli shamol va quyosh stansiyalari ishga tushish arafasida.

Mamlakatimizning eng muhim transport arteriyalarining 16 foizi Navoiy hududidan oʻtgan. Oʻtgan hafta Qoraqalpogʻistonda 240 kilometrli “Qoʻngʻirot-Beynov” yangi yoʻli foydalanishga topshirildi. Bu ham Navoiyning logistika markazi sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi.

Ushbu ulkan salohiyatdan viloyat hokimi, uning 8 ta oʻrinbosari, 11 ta shahar-tuman hokimi unumli foydalanishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishga ulangan boshqa viloyatlar mutasaddilari ham bugungi tahlillar va topshiriqlardan aniq xulosa qilib, Navoiy misolida oʻz rejalarini tuzishi zarurligi qayd etildi.

Viloyatga 3,7 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelib, 600 ta yangi korxonani ishga tushirish, 15-20 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratish vazifasi qoʻyildi.

Chuqur geologik tahlillar asosida yangi konlarni tayyor loyiha paketi bilan tadbirkor-investorlarga taklif qilish zarur.

Uch yil davomida yiliga 350 ming gektar yaylovga yangi texnologiya asosida urugʻ va koʻchat ekish tashkil qilinib, 50 ming aholiga meva-sabzavot, bogʻ va chorva uchun boʻlib beriladi. 100 ta koʻp qavatli uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

Kambagʻallikni qisqartirish, migratsiyani yangi tizimi va 4 ta tuman tajribasi hisobidan yana 140 ming aholi bandligini taʼminlash, 16 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish maqsad qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер