Prezident Farmoni bilan “Made in Uzbekistan” dasturi ishga tushiriladi

13:11 22 Yanvar 2025 Hujjatlar
365 0

Oʻzbekiston Prezidentining 2025–2027-yillarda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qayta ishlash zanjirini rivojlantirish boʻyicha Farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat tarmoqning barqaror rivojlanishini taʼminlash, eksport hajmini oshirish va xalqaro bozorlarda milliy mahsulotlarni keng targʻib qilishga qaratilgan.

Farmon doirasida bir qator maqsadli koʻrsatkichlar belgilangan boʻlib, 2025-yilda eksportni 4 milliard, 2026-yilda 5 milliard, 2027-yilga kelib esa 7 milliard AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, AQSH va Yevropa bozorlariga 500 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilish maqsad qilingan.

Farmon doirasida “Made in Uzbekistan” dasturi amalga oshiriladi. Bu dastur mahalliy mahsulot va brendlarni xalqaro savdo maydonlarida keng targʻib qilish, ularni joylashtirish va reklama qilishga qaratilgan.

Ushbu tashabbus orqali Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar xalqaro miqyosda tanilishi va jahon bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlishi kutilyapti. “Made in Uzbekistan” dasturi nafaqat milliy mahsulotlar imijini yaxshilaydi, balki tarmoqning eksport salohiyatini oshirishda muhim qadam boʻladi.

Toʻqimachilik sanoatida qayta ishlashni chuqurlashtirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun 5 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb qilish nazarda tutilgan. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar va dizaynerlik ishlanmalarini joriy qilish orqali eksportda tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarining ulushini 70 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Tarmoqdagi tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi. “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” huzurida tashkil etiladigan faktoring tashkiloti korxonalarga yangi moliyaviy imkoniyatlar yaratib, ularning barqaror rivojlanishini taʼminlaydi.

Prezident Farmoni tarmoqni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish, yangi ish oʻrinlari yaratish va Oʻzbekistonning jahon bozoridagi mavqeyini mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarning bir qismi boʻlib, milliy sanoatning xalqaro darajada tanilishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер