“Prezident Archasi” Samarqandda ham yuqori saviyada tashkil etildi

12:43 29 Dekabr 2025 Jamiyat
262 0

Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning qalbida quvonch va umid uygʻotish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Ana shu gʻamxoʻrlik va eʼtiborning yorqin ifodasi sifatida tashkil etib kelinayotgan “Prezident archasi” bayram tadbirlari yildan-yilga bolajonlarning eng sevimli va intiqlik bilan kutilgan bayramlaridan biriga aylanib bormoqda.

Samarqand shahridagi “Moʻjiza” bazmgohida ham Samarqand shahri va Samarqand tumanidan kelgan ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, oilaviy bolalar uylari hamda xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar farzandlari uchun “Prezident archasi” bayram tadbiri tashkil etildi.

Tantanali marosimda viloyat hokimi Adiz Boboyev ishtirok etib, bolajonlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy tabrikladi.

Shundan soʻng Qorbobo va Qorqiz hamrohligida viloyat va shahar hokimligi mutasaddilari bolalarga davlatimiz rahbari tomonidan yuborilgan Yangi yil sovgʻalarini topshirdilar. Sovgʻalar tarkibiga bolalarning taʼlim olishi va boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishiga xizmat qiluvchi 24 nomdagi oʻquv qurollari, shuningdek, bolajonlar sevib isteʼmol qiladigan 34 nomdagi shirinlik mahsulotlari kiritilgan.

Bayramona bezatilgan sahnada namoyish etilgan konsert dasturi, qoʻshiqlar va raqslar bolalar kayfiyatini yanada koʻtarib, tadbirga oʻzgacha fayz bagʻishladi. Shuningdek, “Prezident archasi” tadbirlari doirasida viloyat musiqali drama teatrida bolajonlar uchun moʻljallangan ertak-spektakl namoyish etildi. Unda oʻgʻil-qizlar sahnadagi voqealarni miriqib tomosha qilishdi. “Prezident archasi” bayrami bolajonlar xotirasida yorqin va unutilmas lahzalar sifatida muhrlandi.

Viloyatda “Prezident Archasi” bayram tadbirida ishtirok etish uchun jami mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar roʻyxati shakllantirildi. Ularning 748 nafari mahallarda istiqomat qiluvchi yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, 63 nafari Oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari, 60 nafari ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yoʻlida qurbon boʻlgan oilalarning bolalari, 59 nafari SOS bolalar uyi tarbiyalanuvchilari, 36 nafari “Mehrli maktab” oʻquvchilari, 18 nafari Kichik hajmli bolalar uyi va 22 nafari viloyat bolalar uyi tarbiyalanuvchilarni tashkil qiladi. Ularning barchasiga Prezidentimizning yangi yil sovgʻalari topshirildi. Maqsad yangi yil bayrami munosabati bilan bolajonlar va ularning yaqinlariga mehr ulashishdan iborat.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?