Prezident AQSh bojlarining jahon iqtisodiyotiga taʼsiri haqida gapirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida boshlangan videoselektor yigʻilishida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy va savdo cheklovlarining Oʻzbekistonga taʼsirini yumshatish masalalari muhokama qilinmoqda.
Avvalo, davlatimiz rahbari global iqtisodiy holatga toʻxtaldi.
“Hozirgi dunyo avvalgidek emas. Gap tarif yoki ularni miqdorida ham emas. Uzoq yillar davomida davlatlar oʻrtasida barqaror munosabatlar va oʻzaro ishonchni taʼminlagan xalqaro institutlar, ular ishlab chiqqan qoida va normalar bugun samarasiz boʻlib borayapti.
Albatta, bu jarayonlar zanjirli taʼsir koʻrsatib, jahon iqtisodiyotini sekinlashuvi va xalqaro savdoni kamayishiga olib kelishi mumkin”, dedi Prezident.
Birgina yuqori tariflar oqibatida xalqaro savdo hajmi 3,5 trillion dollarga qisqarib, dunyodagi inflyatsiya darajasi 7,5-8 foizga koʻtarilishi haqida prognozlar berilmoqda.
“Uch-toʻrt kun ichida xalqaro moliya bozorlari 10 trillion dollar yoʻqotgani biz uchun qattiq “signal” boʻlishi kerak.
Eng katta xavf – pandemiya davrida boʻlgani kabi dunyo boʻylab taʼminot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlar paydo boʻlishidadir.
Ayniqsa, bunday holat jahon eksportida yuqori ulushga ega toʻqimachilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi “drayver” tarmoqlarga katta zarba berishi mumkin”, dedi Prezident.
Oʻziga nisbatan eng katta import bojlari qoʻyilgan davlatlar endilikda Oʻzbekiston eksport qilayotgan yoʻnalishlarga oʻzining mahsuloti bilan kirish uchun agressiv savdo siyosatini yuritishi mumkinligi qayd etildi. Yaʼni, mamlakatimiz kirib borgan ip-kalava, mato, gazlama, tayyor tekstil va maishiy texnika bozorlarida ham ayovsiz raqobat boʻladi.
Garvard universiteti tahliliga koʻra, oʻtgan besh yilda Iqtisodiy murakkablik indeksida Oʻzbekistonning oʻrni 25 pogʻona yaxshilanib, 105-oʻrindan 80-oʻringa koʻtarildi.
Bugungi kunda 162 turdagi milliy mahsulotlarimiz “dunyo bozorlarida raqobat ustunligiga ega” deb eʼtirof etilayapti.
Natijada oxirgi yillarda eksport 2,2 barobar oshdi. Tashqi savdo aylanmasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 57 foizga yetdi.
“Bu – iqtisodiyotimiz tashqi bozorlarga qanchalik bogʻliq ekanini koʻrsatadigan juda katta raqam”, dedi Prezident.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring