Popdagi echkichilik klasteri belaruslik hamkorlar bilan 120 ming dollarlik shartnoma imzoladi

17:36 20 Avgust 2020 Klaster
3201 0

Illyustrativ foto

Maʼlumotlarga qaraganda, ichki bozorda bir kilogrammi 150 ming soʻmga boradigan echki yungidan 10 donadan paypoq va sharf, 3 tagacha roʻmol toʻqish mumkin. Bu, anchagina pul, degani. Pop tumanida mazkur serdaromad sohaga eʼtibor qaratilib, angor echkilari va hisori qoʻylarni koʻpaytirishga ixtisoslashtirilgan klaster faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu yerda 140 ming AQSH dollari qiymatidagi xorijiy texnologiya oʻrnatilib, yungdan turli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Klasterda echkilar parvarishiga aholi xonadonlarini jalb etish tajribasi qoʻllanilmoqda. Har bir xonadonga bank krediti asosida 10 — 15 boshdan naslli echkilar tarqatiladi. Ulardan echki yungidan tashqari jonivorning shifobaxsh suti ham qabul qilib olinadi va mikroeyelementlarga boy qaymoq, pishloq hamda tvorog tayyorlanadi. Hozirga kelib bu ish bilan shugʻullanayotgan oilalar byudjetiga har oyda 2-3 million soʻmdan daromad kirib borayotir.

Echki yungidan toʻqiladigan kiyim-kechaklarning tashqi bozorda ham xaridori chaqqon. “Chorkesar echkichilik klasteri” shundan kelib chiqib, Belarus davlatidagi hamkorlar bilan 120 ming AQSH dollariga teng shartnoma imzoladi.

Viloyatning boshqa tumanlarida ham ushbu sohadagi loyihalar davom ettiriladi. Xususan, Chust va Kosonsoyga yaqin vaqt ichida 20 ming bosh naslli echki keltiriladi. Keyingi ikki-uch yil orasida ular sonini 80 ming boshga yetkazish koʻzda tutilgan.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер