Polshaning yirik kompaniyasi Oʻzbekistondagi loyihalarga investitsiya kiritishga qiziqish bildirmoqda

15:49 17 Iyul 2023 Jamiyat
443 0

Oʻzbekistonning  Polshadagi  elchisi Baxrom  Boboyev Goshin shahriga tashrifi davomida “Orion Tobacco Poland Sp. z o.o.» kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimiz  diplomatik  missiyasi  rahbari korxona rahbari Boguslav Chernek bilan  muzokaralar oʻtkazdi.

Unda Oʻzbekiston tomoni  bilan  hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, mamlakatimizdagi loyihalarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari  muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida polyak tomoni bilan Surxondaryo viloyatida chilim tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, Samarqand viloyatida kofe mahsulotlarini qadoqlash va yer yongʻoqli shokolad mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish xususida fikr almashildi.

“Orion Tobacco Poland Sp. z o.o.» kompaniyasi  rahbari bir necha bor Oʻzbekistonga safari  davomida  mamlakat bozoridagi tamaki mahsulotlariga boʻlgan talab va takliflarni  chuqur  oʻrganganini  bildirdi. Boguslav Chernekning aytishicha, ushbu loyihalar investorning toʻgʻridan-toʻgʻri mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.  “Yaʼni Polshadan zamonaviy texnologiyalar yuboriladi, oyiga 60 tonnagacha mahsulot ishlab chiqariladi va kamida 500 ga yaqin qoʻshimcha ishchi oʻrinlari yaratiladi. Ushbu masalani ishlab chiqish maqsadida polyak tomoni Oʻzbekistonga navbatdagi tashrifni amalga oshirishga tayyor”, — dedi u.

“Orion Tobacco Poland Sp. z o.o.» kompaniyasi, nozik kesilgan tamaki, trubkali tamaki va shisha tamaki ishlab chiqarish boʻyicha Polshada yetakchi hisoblanadi. Hozirgi kunda korxona  mahsulotlari dunyoning 20 dan ziyod davlatlariga eksport qilinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?