Polsha Prezidenti evakuatsiya hududlaridagi Oʻzbekiston fuqarolari yoniga borib, samimiy suhbatlashdi

00:08 05 Mart 2022 Siyosat
1428 0

Foto: Podrobno.uz

2022-yil 4-mart kuni chet el, jumladan, Oʻzbekiston fuqarolari boʻlib turgan Ukraina-Polsha chegarasidagi «Karchova» nazorat-oʻtkazish punkti yaqinidagi toʻplanish nuqtasiga Polsha Prezidenti Anjey Duda tashrif buyurdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Kabuljanov xabar berdi.

Tashrifi davomida mamlakat rahbari birinchi navbatda Oʻzbekistonning Polshadagi elchixonasi diplomatlari yoniga kelib, ularning qoʻlini siqib:

— Siz yurtingiz fuqarolari uchun muhim va ezgu ishni qilyapsiz. Sizning harakatlaringizni koʻrib boshqa davlatlar diplomatlari va koʻngillilar faoliyatingizdan ilhom olishi shubhasiz. Menga Oʻzbekiston hukumati oʻz fuqarolarini evakuatsiya qilishni birinchi boʻlib boshlagani haqida aytib berishdi va bu saʼy-harakatlaringizni Oʻzbekiston hukumatining oʻz fuqarolariga nisbatan muhim eʼtibori va otalarcha gʻamxoʻrligi deb bilaman.

Hech qancha vaqt ilgari biz ham xuddi shunday vaziyatga tushib qolgandik va sizga qoʻshni boʻlgan davlatni tark etgan fuqarolarimiz hamda Yevropa mamlakatlarining fuqarolaridan xavotirda edik. Biz ularni evakuatsiya qilishdek bu ogʻir operatsiyani faqat Oʻzbekistonning faol koʻmagi bilan amalga oshira oldik. Bu bizning yodimizda, — dedi prezident.

Anjey Duda ham Oʻzbekiston fuqarolari bilan samimiy suhbatlashib, ularni qoʻllab-quvvatlashi va zarur yordam koʻrsatishini aytib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер