Poytaxtimizda VIII Butunjahon paxta tadqiqot konferensiyasi ish boshladi

13:14 04 Oktyabr 2024 Iqtisodiyot
189 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Mamlakatimizda paxta yetishtirish va uni qayta ishlashda  keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sohani erkin raqobatni ta’minlovchi bozor tamoyillari asosida rivojlantirish, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish maqsadida klaster tizimi joriy etildi va paxta yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilinib, erkin bozor tamoyillariga o‘tildi. Buning samarasi o‘laroq yurtimizda paxta yig‘im terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga chek qo‘yildi. Natijasida 2021 yilda “Cotton Campaign” koalisiyasi tomonidan O‘zbekiston paxtasiga boykot bekor qilindi. 

         Bugun poytaxtimizda ilk bor o‘z ishini boshlagan  VIII Butunjahon  paxta tadqiqot konferensiyasi va  uning doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar  ham mana shu hayotbaxsh islohotlarning amaldagi tasdig‘idir. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2022 yilda Misrda o‘tkazilgan VII Butunjahon paxta tadqiqot (WCRC-7) konferensiyasi yakunida ushbu nufuzli anjumanning navbatdagisini 2024 yilda O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi xalqaro nufuzli kompaniya va yetakchi ekspertlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan edi.

Ana shu tashabbus va 7 oktyabr¬¬¬ — Butunjahon paxta kuni oldidan o‘tkazilayotgan va kecha ish boshlagan mazkur VIII Butunjahon paxta tadqiqot konferensiyasi (WCRC-8) joriy yilning 7 oktyabriga qadar davom etadi. Bu anjuman paxta tadqiqotchilari uyushmasi (ICRA), Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi (ICAC) va Xalqaro paxta genomi tashabbusi (ICGI) tashkilotlari bilan birgalikda tashkil etilmoqda. Unda g‘o‘za tadqiqotlari sohasidagi 430 nafardan ortiq xalqaro olimlar hamda 200 nafarga yaqin mahalliy olimlar, shuningdek, 177 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari va korxonalari rahbarlari qatnashmoqda.

Anjumanning rasmiy ochilish marosimida  O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirok etdi va bugungi global iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi sharoitida paxtachilik sohasidagi dunyo olimlarining Toshkentda yig‘ilishi  muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, tadbirda xorijlik paxtachilik sohasi olimlari, yetuk ekspert hamda kompaniya rahbarlari so‘zga chiqib, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda paxta genetikasi, genomikasi va urug‘chilik sohasidagi so‘nggi yutuqlar haqida fikr yuritishdi.

—Yangi O‘zbekiston tarixida ilk bor xorijdan, xususan, Xitoy, Turkiya, Hindiston, AQSH, Ispaniya, Tojikiston va Qirg‘izistondan 2,5 ming tonna yuqori hosildor, qurg‘oqchilikka va sho‘rga chidamli, hosildorligi gektariga 60-70 syentner, tola chiqimi 42 foizdan yuqori bo‘lgan 18 ta g‘o‘za navlari karantin talablari asosida olib kelindi va 100 ming gektar maydonga ekildi,— dedi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov. — Zamonaviy va xorijiy agrotexnologiyalarni joriy etish maqsadida Xitoydan 50 nafar konsultant va seleksioner-agrotexnolog olimlar jalb qilindi. Shuningdek, 12 ming gektar maydonda Xitoy agrotexnologiyasi joriy etildi. Eng muhimi, O‘zbekistonda yaratilayotgan istiqbolli g‘o‘za navlari bugungi o‘zgaruvchan iqlim sharoitiga bardoshli va serhosildir.

Tadbirda ishtirokchilar paxta yetishtiruvchi davlatlarda paxtachilik va to‘qimachilik sanoati sohasidagi tadqiqotlarda erishilayotgan so‘nggi yutuqlar bilan tanishishdi,  g‘o‘za yetishtirishda global iqlim o‘zgarishi hamda mintaqaviy muammolar muhokamasi o‘tkazilib, yechimlari bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi. Shuningdek,  paxtachilik sohasida jahonda qo‘lga kiritilgan so‘nggi yutuqlar, sohada joriy etilayotgan ilg‘or texnologiyalar olimlar tomonidan taqdimotlar orqali xalqaro paxtachilik hamjamiyatiga tanishtirildi.

—Dunyodagi nufuzli xalqaro paxtachilik tashkilotlarining Toshkentdagi uchrashuvi sohani barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat ega,— dedi Pokiston Multon paxtachilik instituti direktori Gʻulom Sarvar. —Bugun biz olimlar zimmasida global iqlim o‘zgarishlari, qurg‘oqchilik, shur va issiqqa chidamli g‘o‘za navlarini yaratishdek mas’uliyatli vazifa turibdi. Bu anjumanning O‘zbekistonda o‘tkazilayotganining boisi esa mamlakatda shunday qurg‘oqchilikka chidamli navlar yaratilmoqda va biz bu navlarni o‘rganishimiz kerak. Paxtachilikdagi dunyo olimlarining bu hamkorligi to‘qimachilik sanoatini sifatli xomashyo bilan ta’minlash imkoniyatini yaratadi.

Faxriddin BOZOROV,

“Xalq so‘zi”

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер