Poytaxtimizda dunyoga mashhur Acibadem klinikasi ochiladi

12:02 28 Dekabr 2023 Jamiyat
301 0

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 25-26-dekabr kunlari Sogʻliqni saqlash vaziri boshchiligidagi soha masʼullari hukumat delegatsiyasi tarkibida xizmat safari bilan Turkiya Respublikasida boʻldi.

Tashrif davomida vakillarimiz “ACIBADEM Healthcare Group” prezidenti Mehmet Ali Aydinlar bilan uchrashdi.

Ushbu nufuzli tibbiyot muassasasi dunyo boʻylab koʻplab klinika va markazlar tarmogʻiga ega xalqaro brend hisoblanadi.

Xususan, kardiologiya, onkologiya, organ va toʻqimalar transplantatsiyasi, neyroxirurgiya, robot jarrohligi va sport tibbiyoti kabi sogʻliqni saqlash sohasining koʻplab yoʻnalishlari integratsiyalashgan ushbu muassasa tarkibida jami 24 ta klinika, 16 ta tibbiyot markazlari va boshqa qator kompaniyalar faoliyat koʻrsatmoqda.

Jahon standartlariga toʻliq javob beradigan mazkur klinikalar oʻzining ilgʻor tajriba markazlari bilan alohida ajralib turadi. Ularning barchasi milliy va xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan boʻlib, zamonaviy texnologiya va tibbiyotning koʻplab sohalarida boy tajribaga ega mutaxassislar bilan taʼminlangan.

Har yili dunyoning turli nuqtalaridan minglab bemorlar sifatli va malakali tibbiy xizmatlarni olish uchun ushbu klinikalarga tashrif buyuradi.

“ACIBADEM Healthcare Group” tibbiy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasida ham mamlakatda yetakchilardan biridir. Jumladan, uning negizidagi Acibadem tibbiyot universitetida tahsil olayotgan talabalar zamonaviy oʻquv dasturlari asosida malakali pedagoglar tomonidan oʻqitiladi. Muassasada talabalarning amaliy koʻnikmalarini rivojlantirishga moʻljallangan ilgʻor simulyatsion markazlar ham mavjud.

Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan muloqot davomida Toshkent shahrida Acibadem klinikasini ochish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, uchrashuvda birgalikda kadrlarni tayyorlash, mutaxassislarni oʻqitish va malakasini oshirish, tibbiy taʼlim kabi yoʻnalishlarda hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?