Poytaxt va yana uch viloyatda fuqarolarning “Amerika orzusi” ushalmay qoldi

15:22 27 Iyul 2024 Iqtisodiyot
207 0

Foto: Videodan kadr

Toshkent, Samarqand va Jizzax viloyatlarida fuqarolarni AQShga noqonuniy yoʻllar bilan joʻnatishni vaʼda qilgan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy
jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahrida yashovchi, 1992-yilda tugʻilgan shaxs Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida istiqomat qiluvchi, 1997-yilda tugʻilgan fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali “Toshkent-Istanbul-Madrid-Tixuana” yoʻnalishida Amerika Qoʻshma Shtatlariga yuborish hamda buning uchun zarur boʻladigan viza hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 334 mln soʻm olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa holatda esa DXX xodimlari tomonidan prokuratura hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi, 1969-yilda tugʻilgan shaxs oʻzining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 3 nafar fuqaroni AQShga borishlari uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va viza olib berish berish evaziga 42 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 28 800 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Samarqand shahrida yashovchi, 1983-yilda tugʻilgan shaxs Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning aldov yoʻli bilan ishonchiga kirib, uning nomiga viza va boshqa tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, “Turkiya-Yevropa davlatlari-Meksika” yoʻnalishida aylanma yoʻllar orqali Amerika Qoʻshma Shtatlariga yuborish evaziga 17 500 AQSh dollari talab qiladi. Ammo, u oldindan 6000 AQSh dollari olgan vaqtida DXXning Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1989-yilda tugʻilgan Uchquduq tumanida istiqomat qiluvchi shaxs fuqaroni Turkiya va Meksika davlatlari orqali Qoʻshma Shtatlarga yuborish va u yerda ishga joylashtirish evaziga 19 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 6200 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi, 1988-yilda tugʻilgan shaxs Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni Qoʻshma Shtatlarga ishga yuborishni vaʼda qilib, bu kabi ishlarni qilishga vakolati boʻlmasada, dastlab, 2023-yilning aprel may oylarida 14 300 AQSh dollarini olib, uni aylanma yoʻllar bilan Janubiy Afrika Respublikasiga yuborib, uni boshqa davlatda chorasiz holatda qoldiradi va vaziyatni oʻnglash, yaʼni uni Amerikaga oʻtkazish uchun uning otasidan qoʻshimcha 6700 AQSh dollari talab qiladi.

DXX Jizzax viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda u soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер