Pekinda Oʻzbekiston–Xitoy taʼlim forumi boʻlib oʻtdi

21:05 22 Yanvar 2024 Jamiyat
415 0

22-yanvar kuni Pekin shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Taʼlim vazirligi tomonidan Oʻzbekiston – Xitoy taʼlim forumi oʻtkazildi.

Forumda Oʻzbekiston tomonidan 37 ta, Xitoy tomonidan 110 ta yetakchi oliy taʼlim muassasasi rektorlari qatnashdi.

Forum avvalida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari К.Каримов va Xitoy Xalq Respublikasi taʼlim vaziri oʻrinbosari Chen Sze oʻrtasida uchrashuv oʻtkazilib, tadbirning ikki tomonlama aloqalar rivojidagi oʻrni haqida suhbat qurildi. Shuningdek, tomonlar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Forumni Xitoy taʼlim vaziri oʻrinbosari Chen Sze, Oʻzbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov ochib berdi. Tadbir yalpi majlis va 4 ta panel sessiyadan tashkil topdi.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston — Xitoy oliy taʼlim muassasalari rahbarlari tomonidan aniq fanlar, muhandislik, qishloq xoʻjaligi, AKT, gumanitar fanlar, tibbiyot va farmatsevtikaga bagʻishlangan panel sessiyalari boʻlib oʻtdi.

Tadbir davomida ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida 70 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, 5 ta oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur qoʻshma taʼlim dasturi asosida 300 dan ortiq talabalar Xitoyning ilgʻor universitetlarida tahsil olish imkoniyatiga ega boʻladi. Shu bilan birga, forum doirasida 100 dan ortiq oʻzbekistonlik talabalari uchun grant dasturlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Forumda Oʻzbekiston va Xitoy oliy taʼlim muassasalari hamkorligi toʻgʻrisida Pekin deklaratsiyasi qabul qilindi. Ushbu Deklaratsiya doirasida Xitoy va Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida institutsional platforma yaratish, Xitoy-Markaziy Osiyo taʼlim hamkorligi modelini shakllantirish, akademik almashinuv dasturlarini yanada rivojlantirish, qoʻshma tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Forum doirasida aniq fanlar, muhandislik, AKT, gumanitar fanlar, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohalarida universitetlararo uchrashuvlar tashkil etildi va qator oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?