Pedagogika institutida yangi inshootlar foydalanishga topshirildi

Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yangidan qurib bitkazilgan talabalar turarjoyi, sport majmuasi va katta sport maydonlarining foydalanishga topshirilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, institut jamoasi, professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar yangi obyektlarning foydalanishga topshirilishi institut jamoasi uchun munosib tuhfa boʻlganini alohida taʼkidladi.
Qayd etilishicha, talabalar turarjoyi qurilishi uchun institutning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 23 milliard 704 million soʻm mablagʻ ajratilgan. Bu maskanda talabalarning oʻqishdan boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, axborot-resurs va IT markazlari, xorijiy tillarni oʻrganish va tikuvchilik toʻgaraklari, shaxmat klubi, maʼnaviyat xonalari yoshlarning bilim va qobiliyatini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
— Bugungi tadbir doirasida institutning futzal, gandbol va basketbol sport turlariga ixtisoslashgan zamonaviy sport majmuasining ramziy tasmasi ham kesilib, foydalanishga topshirildi, — deydi institutning sport klubi rahbarining oʻrinbosari Miralim Allanazarov. — Taʼkidlash joizki, ayni paytda institutda yoshlarni sport va sogʻlomlashtirish tadbirlariga keng jalb etish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Institutning katta sport maydoni ham foydalanishga topshirildi. Umumiy 300 ta tomoshabin oʻrniga moʻljallangan sport maydoni institutning yangi oʻquv binosi ortidagi boʻsh turgan yer maydonida barpo etilgan boʻlib, bu yerda 6 milliard 199 million soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari qoʻligul quruvchilar tomonidan olib borildi. Ushbu sport inshootlari institutda sport bilan muntazam shugʻullanadigan talaba-yoshlar sonini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ayni paytda institutda 16 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda, ulardan 1700 nafari yotoqxona bilan taʼminlangan. Yangi qurib bitkazilgan 3-sonli talabalar turarjoyi 500 oʻringa moʻljallangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring