“Parlament kutubxonasi” yangi formatda ish boshladi

20:27 19 May 2021 Siyosat
1402 0

Hasan Paydoyev - "Xalq so'zi"

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Parlament kutubxonasi”ning ochilishiga bag‘ishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Аlisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi xodimlari, olimlar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov kirish so‘zi bilan ochdi. 

Taʼkidlanganidek, mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi yangi bosqichida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan jamiyat hayotida ezgu qadriyat va anʼanalarni chuqur qaror toptirish, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, elu yurtga muhabbat hamda sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 

Bu borada qabul qilingan qator farmon va qarorlar mamlakatda kitobxonlikni yanada rivojlantirish, kutubxonalar faoliyatini samarali tashkil etishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti — kitob va kutubxonalarda.

Prezidentimiz 2020 yil 20 yanvarь kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida parlament quyi palatasi binosida deputatlarning o‘z faoliyati, xususan, qonun ijodkorligi jarayonida zarur bo‘ladigan maʼlumotlar va yetarli ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari uchun zamonaviy, qulay, shuningdek, mamlakatimiz hamda jahonning ilg‘or axborot resurs markazlari bilan elektron integratsiyalasha oladigan “Parlament kutubxonasi”ni tashkil etish taklifini qo‘llab-quvvatlagan edi. 

Shundan kelib chiqib, quyi palata tomonidan xalq vakillari uchun yangi, zamonaviy va qulay bo‘lgan “Parlament kutubxonasi” loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur loyiha doirasida kutubxonada har bir kitobxon uchun kitob mutolaa qilish imkoniyatini yaratish maqsadida o‘quv zali, yig‘ilishlar zali, qonun ijodkorligi zali va arxiv fondi tashkil etildi.

Tadbirda qayd etilganidek, kutubxona fondi siyosat, iqtisodiyot, davlat va huquq, yuridik fanlar, badiiy adabiyotlar, tibbiyot, qishloq ho‘jaligi, tarix, xususan, O‘zbekiston va jahon tarixiga oid kitoblardan iborat.

Shuningdek, “Parlament kutubxonasi” o‘quv zalida 23 ta kitob javonlariga 2,5 mingdan ziyod kitoblar joylashtirilib, kutubxona bibliografik klassifikatsiya sohalari asosida adabiyotlar bilan boyitildi. Kitobxonlarga 12 ta mustaqil yoritish tizimi, elektron quvvatlagich va internetga ega bo‘lgan o‘quv joylari yaratildi. 

Bundan tashqari, o‘quv zalida bosma davriy nashrlar kundalik tarzda yangilanib boriladi. “Parlament kutubxonasi”ning yig‘ilishlar o‘tkazish zaliga 2 mingdan ortiq qonun ijodkorligi va huquqshunoslik, siyosatshunoslik, zamonaviy davlat boshqaruvi, geosiyosat va iqtisodiyot sohalariga oid kitoblar, madaniy tariximizga oid adabiyotlar joylashtirildi. Kutubxona arxiv fondidagi 39 ta kitob javoniga 30 mingdan ortiq, asosan, parlament tomonidan qabul qilingan qonun xujjatlari hamda adabiyotlar joylashtirildi. 

Parlament kutubxonasi bazasida endilikda xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan o‘zaro kelishuv-memorandumlarni tuzish va u asosida o‘zaro elektron kutubxona maʼlumotlar bazalari almashinuvi tashkil etiladi. “Parlament kutubxonasi”ning elektron kitob fondini kengaytirish maqsadida Аlisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, “Jahon raqamli kutubxonasi” (BMT va АQSh Kongressi qo‘shma loyihasi), “Evropa raqamli kutubxonasi” va “Google kutubxonasi” fondlaridan foylanish yo‘lga qo‘yildi. Kutubxonaga tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish maqsadida infokiosklar o‘rnatildi.


Shuningdek, “Parlament kutubxonasi” butunjahon ilmiy-taʼlim maʼlumotlar bazalari — “Library Press Display”, “JSTOR”, “East View”, “Springer Link”, “ProQuest” kabi tarmoqlarga ulandi.

— Bugun parlamentda katta shodiyona, katta bayram, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Xurshid Do‘stmuhammad. — Quyi palatasi qanchalik muborak maskan bo‘lsa, kutubxona xuddi zam zam suviga o‘xshagan bitmas, tuganmas ilhom manbaidir. Kirsangiz chiqqingiz kelmaydi. Buning uchun muhtaram Prezidentimizga mingdan ming rahmat aytamiz. Kitob madaniyati, kitobxonlik va kitobga bo‘lgan munosabat dalat siyosati darajasiga ko‘tarilgan katta yo‘nalishni muhim bir tarmog‘i sifatida vujudga keldi bu kutubxona. Deputatlar uchun ham bu juda yaxshi imkoniyat. 5 yillik fursatda fundamental bilimlar olish uchun to‘la asoslar yaratilgan. Deputatlarimiz orasidan bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, ilmi, zehni, tafakkuri bilan butun dunyoga maʼdum va mashur asarlar yozadigan bilimdonlar, yozuvchilar chiqishi tarafdoriman. 

Tadbirda taʼkidlanganidek, “Parlament kutubxonasi” loyihasi doirasida elektron kitoblarni mutolaa qilish imkonini yaratish maqsadida avtomatlashtirilgan axborot kutubxona tizimi ishlab chiqildi. Tizim orqali elektron kutubxona katalogini ishlab chiqish va har bir kitobga “shtrix kod” tizimini joriy etish imkoniyati yaratildi hamda 20 ming dona kitobni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun maxsus RF-ID belgilar olindi. Natijada mahalliy Kengashlar (viloyat, shahar va tuman) deputatlarining ham parlament kutubxonasi elektron kitob fondidan foydalanishlari, tashqi foydalanuvchilar qamrovini kengaytirish maqsadida avtomatlashtirilgan axborot kutubxona tizimidan foydalanilgan holda parlament kutubxonasida olis hududlardan internet tarmog‘i orqali jamoatchilik, jurnalistlar, talabalarning ham foydalanish imkoniyati yaratildi.

— Mazkur kutubxona Qonunchilik palatasi deputatlarining yanada ko‘proq ishlashi, qonun loyihalarini pishiq-puxta, maromiga yetkazishda zarur bo‘ladigan axborotlarni olishi, O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatini teran o‘rganishi, shuningdek, mamlakatimiz va jahonda ro‘y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy voqealardan tezkor va to‘liq xabardor bo‘lishida qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qahramon Ergashev. 

Bundan tashqari, ushbu maskan nafaqat bilim olish, balki xorijiy parlament delegatsiyalari tashrif buyurganda ularni bu yerga olib kirish, shu yerning o‘zida suhbatlar, uchrashuvlar o‘tkazishga arzigulik fayzli go‘shaga aylandi. 

“Parlament kutubxonasi”ning qonun ijodkorligi zalida tashkil etilgan muhokamalar o‘tkazish burchagi kitobxonlarga qulay, shinam joy bo‘lish bilan birga, Qonunchilik palatasi qo‘mita va komissiyalari, ishchi guruhlar tomonidan turli tadbirlarni o‘tkazish, jumladan, qonun loyihalarini o‘qishlarga tayyorlash uchun foydalanish imkoniyatini beradi.

Tadbirda “Parlament kutubxonasi” haqida tayyorlangan videorolik namoyish etildi va ushbu loyihani amalga oshirishda faol ishtirok etganlarga Qonunchilik palatasining tashakkurnomasi topshirildi.

 

“Xalq so‘zi”
Hasan PАYDOEV olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?