Parijda Oʻzbekiston savdo uyi ish boshladi

19:52 17 Fevral 2026 Jamiyat
462 0

Yevropa yuragi Parij shahrida yana bir oʻzbekona manzil ochildi. “Madi in Ozbekistan” milliy mahsulotlar savdo uyining ish boshlashi oʻzbek ayollari va hunarmandlari tayyorlagan mahsulotlar Yevropa bozoriga kirib borayotganining amaliy ifodasidir. Bu qadam ortida ularning mehnati, izlanishi va oʻz ishiga boʻlgan ishonchi turibdi.

Mazkur tashabbus Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan ilgari surildi. Loyiha mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi, Jamoat fondi hamda “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi hamkorligida amalga oshirildi. Bu hamkorlikning oʻziyoq Yangi Oʻzbekistonda davlat va jamoat tashkilotlari bir maqsad yoʻlida birlashib harakat qilayotganining amaliy ifodasidir.

Parijdagi mazkur savdo uyi ijtimoiy ahamiyatga ega. Unda xotin-qizlar va nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlari sotuvga qoʻyiladi. Bu yerda gap faqat mahsulot haqida emas. Har bir buyum bir oilaning daromadi, bir ayolning mustaqilligi, bir hunarmandning orzusi demakdir.

Milliy kashta, atlasu adras, qoʻl mehnati bilan yaratilgan suvenirlar, tabiiy mahsulotlar — bularning barchasi fransuz jamoatchiligiga nafaqat tovar sifatida, balki madaniyatimiz elchisi sifatida taqdim etilmoqda. Savdo uyining asosiy maqsadi ham shu. Oʻzbek ayollari ishlab chiqarayotgan milliy mahsulotlarni namoyish etish hamda targʻib qilish, ikki xalq oʻrtasida madaniy muloqot maydoni yaratish.

Oʻzbekistonning Fransiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Gʻaniyev ishchi delegatsiyasidagi tadbirkor va hunarmandlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda savdo uyi faoliyatini yanada rivojlantirish, milliy mahsulotlar va oʻzbek brendlarini Fransiya bozorida ommalashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, iqtisodiyot, maktabgacha taʼlim, madaniyat kabi sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan takliflar ilgari surildi. Bu muloqotdan shu narsa anglashildi: savdo uyi — boshlanishi. Uning ortidan keng koʻlamli iqtisodiy va madaniy hamkorlik yoʻllari ochilishi mumkin.

Delegatsiya aʼzolari bundan chamasi 6-yil oldin ochilgan “Maison de lʼOuzbekistan” butik-galereyasi faoliyati bilan ham tanishdi. Demak, Parijda oʻzbek mahsulotlari uchun zamin avvaldan yaratib kelingan, bugungi savdo uyi esa ana shu harakatning mantiqiy davomidir.

— Ayollarimizning mehnati jahon bozoriga chiqishi kerak, albatta, — deydi Toshkent shahar xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash markazi direktori Sayyora Joʻrayeva. — Fransiyada ikkinchi milliy savdo uyini ochilgani oʻziga xos voqelik boʻldi. Bu loyiha oʻzbek ayollarining mahsulotlarini Yevropa davlatlariga olib kirish, ularning oilaviy daromadini oshirishda katta ahamiyatga ega. Oliy Majlis Jamoat fondi moliyalashtirayotgan shu kabi loyihalar ayollarni qoʻllab-quvvatlashda, ularning bandligini taʼminlashda oʻz samarasini bermoqda. Kelgusida yana koʻproq milliy savdo uylarini ochib, mahsulotlarimizni jahon bozoriga olib chiqishni maqsad qilganmiz.

Yangi savdo uyi oʻzbek tadbirkor va hunarmandlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Fransiya va boshqa Yevropa davlatlari bozorlariga chiqish raqobat, sifat va brend masalalarida yangi bosqich demakdir. Bu esa ichki ishlab chiqarishni ham sifat jihatidan yuksaltirishga turtki beradi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер