“Parij-2024” yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olish uchun Oʻzbekistondan 400 nafardan ortiq sportchi hozirlik koʻrmoqda

22:57 20 Yanvar 2023 Sport
884 0

Joriy yilning 19-yanvar kuni Milliy Olimpiya qoʻmitasida (MOQ) sportchilarning 2023-yilgi sport musobaqalari, xususan 2024-yilda Fransiya poytaxtida oʻtkaziladigan yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beradigan xalqaro turnirlarga tayyorgarligiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

MOQ maʼlumotiga koʻra, “Parij-2024” yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmalarni olish uchun 400 nafardan ortiq sportchilarimiz hozirlik koʻrmoqda.

Yigʻilish davomida, shuningdek, joriy yil asosiy eʼtibor Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtadigan Osiyo oʻyinlarida munosib ishtirok etishga hamda “Parij-2024” Olimpiadasiga imkon qadar koʻproq litsenziyalar qoʻlga kiritishga qaratilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, muhokamalar davomida davlatimiz tomonidan ajratilayotgan mablagʻlarni maqsadli sarflash, har bir sport jamoasining tayyorgarlik rejalarini yana bir karra koʻrib chiqqan holda chuqur tahlil qilish lozimligi qayd etildi.

Mutasaddilar istiqbolli rejalarni belgilash maqsadida maxsus dastur asosida har bir terma jamoada faoliyat olib borayotgan xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikning yangi bosqichlari koʻrib chiqilishini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?