“Panjara ortidagi kitoblar”

17:38 01 Iyun 2022 Madaniyat
564 0

Foto: president.uz

Kutubxonalar va kitobxonlik haqida qiziqarli faktlar

Rivojlangan dunyoda kerakli maʼlumot yoki kitoblarni koʻp vaqt va mablagʻ sarflamasdan turgan joyimizda ham topishimiz mumkinligi hech kimga sir emas. Biroq kutubxonalar hech qachon oʻz oʻquvchisini yoʻqotmasligini tarixdan asrlar davomida katta va kichik shaharlarning diqqatga sazovor joylaridan biri sifatida xizmat qilib kelganidan ham bilib olsak boʻladi.

Kecha ijtimoiy tarmoqlarning birida kutubxonalar haqida qiziqarli faktlarga koʻzim tushib qoldi.

Eng qadimgi kutubxona miloddan avvalgi VII asrda Ossuriya hukmdori Ashshurbanipal tomonidan Ossuriyaning Naynavo shahrida (hozirgi Iroq) tashkil etilgan Ashshurbanipal kutubxonasi hisoblanib, arxeologlar tomonidan tarix va huquq haqidagi 30 000 dan ortiq mixxat yozuvi topilgani aytilgan.

Dunyodagi eng katta kutubxona 1800-yilda AQSH kongressi tomonidan Prezident T.Jeffersonning kutubxonasi negizida bunyod etilgan AQSH Milliy kutubxonasi — Kongress kutubxonasi hisoblanadi. Unda 36 milliondan ortiq kitoblar, 3,5 million plastinkalar, 13,7 million fotosuratlar, 5,5 million xaritalar hamda 69 milliondan oshiq qoʻlyozmalar saqlanadi.

Dunyodagi eng kichik kutubxona esa AQSHning Nyu-York koʻchalaridan birida qurilgan boʻlib, bu kutubxonada faqatgina bir kitobxon foydalanishi uchun joy ajratilgan. Yorqin sariq rangda plasmassadan ishlangan bu kichik va bejirim kutubxonaga 40 tagacha kitoblarni joylashtirish imkoniyati bor. Bu kutubxonani tashkil etishdan asosiy maqsad aholini qiziqtirish orqali kitob uqishga jalb qilishdir. Yana bir eʼtiborga loyiq jihati shuki, bu yerdan kitob olib oʻqish mutlaqo bepul.

Xitoyning Shanxay shahridagi Marriott mehmonxonasining 60 qavatida joylashgan kutubxona Ginnes rekordlari kitobi tomonidan “Dunyodagi eng baland kutubxona” unvoniga sazovor bulgan. Uning balandligi 230,9 metr bulib, xitoy va ingliz tillarida adabiyot, falsafa va tarix kabi turli mavzulardagi 2000 dan ortiq kitoblarni oʻzida jamlagan.

Haskell kutubxonasi bir vaqtning oʻzida dunyoning ikki mamlakati — AQSH va Kanadada joylashgan boʻlib, binoning yarmi Amerikaning Derbi-Layn shaharchasida boʻlsa, qolgan yarmi Kanadaning Stensted shahrida ekan. Kutubxonaga esa faqat AQSH tomondan kirish mumkin xolos.

Quyidagi faktni oʻqib yoshligimda eshitgan bir ibora esimga tushdi: “Kitob oʻgʻrisi oʻgʻri emas”.

Amerikalik biblioman Stiven Blumberg oʻzining kitoblarga boʻlgan gʻalati “mehri” sabab jahonga dong taratgan. U umri davomida kutubxonalardan qiymati bir necha million dollarga teng boʻlgan 23 600 dan ortiq kitoblarni oʻgʻirlagan. Bundan 268 ta kutubxona zarar koʻrgan. Stiven Blumberg bir necha marta panjara ortiga tushishiga qaramasdan, ozodlikka chiqqach yana eski mashgʻulotini davom ettirgan. Qizigʻi, kitoblardan birontasini sotmagan va ularga zarar yetkazmagan.

Boliviyada mahbuslar kitob oʻqish orqali qamoq muddatini bir necha hafta va kunlarga kamaytirish imkoniyati mavjud ekan. Ushbu dastur “Panjara ortidagi kitoblar” deb nomlanib, savodxonlikni oshirish va mahbuslarga umid berish maqsadida ishlab chiqilgan. Ayni paytda mazkur dasturga 47 ta qamoqxonada amal qilinib, hozirgacha 1000 ga yaqin mahbusning yozish va oʻqish mahorati ancha yaxshilangan.

Gulxanoy SAFAROVA, OʻzDJTU talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?