Paxtakorda yurtimizda birinchi boʻlib konseptor intellektli aqlli nasoslari oʻrnatildi

12:30 03 Dekabr 2020 Iqtisodiyot
1440 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yilning 24-yanvar kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga Murojaatnoma yoʻllagan edi. Unga koʻra mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta muhim masalalarga toʻxtalib, joriy yil va kelgusi yillarda hududlarni rivojlantirish, ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha vazifalar bergan edi.

Xususan, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yangilarini oʻrnatish, sohaga xorijiy kompaniyalarni jalb qilish masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtgan edi. Yil yakunlanishiga ham sanoqli kunlar qolmoqda. Paxtakor tumani markazidagi suv tarmoqlarini yangilash, mavjud oqova suvlarni haydash nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish loyihasi ham ana shunday samarador tadbirlar sirasiga kiradi.

Mamlakatimizda ilk marotaba Paxtakor tumaniga Shvetsiya davlatida ishlab chiqarilgan zamonaviy, masofadan boshqariladigan “Flygt” konseptor intellektli aqlli nasoslari oʻrnatilib foydalanishga topshirildi.

— Paxtakor tumani hududida markaziy oqova suv inshootlari oʻtgan asrning 70 yillarida qurilish ishlari boshlanib, 1982-yillarda tugallangan va koʻp qavatli uylar uchun kanalizatsiya tizimi ishga tushirilgan, — deydi “Jizzax suv taʼminoti” MCHJ rahbari Zokir Mamarasulov. — Ayni vaqtda tumanida 7 ta oqava suvlarni haydash nasos stansiyalari mavjud boʻlib, ulardan 5 tasi 40 foiz quvvat bilan ishlab kelgan, qolgan 2 tasi qarovsiz qoldirilib, maishiy chiqindilarga toʻlishi natijasida koʻmilib ishlamay qolgan.

Shvetsiyaning “Free Line group“ kompaniyasi tomonidan tumanga oʻrnatilgan 12 dona “FLYGT” nasoslari toʻliq avtomatlashtirilgan boʻlib, ular oddiy nasoslardan tejamkorligi, masofadan boshqarilishi, suv limitini avtomatik hisoblash, qaysi hududga qancha miqdorda suv yetkazish, oqova suvlarni chiqarib tashlash imkonlari bilan ajralib turadi. Bu nasoslar aqlli (smart) boʻlib, suv ostiga oʻrnatilgach, nasos ishlashida inson omili oʻynamaydi. Nasoslar oʻzi avtomatik ravishda kelayotgan oqova suvlar miqdoriga mos ravishda ishga tushadi va belgilangan vaqtda uchadi. Korxona ishchilarining 8-10 metr chuqurlikka tushib, is gazidan zaharlanib, ogʻir sharoitlarda ishlashga barham beriladi.

— Yangi texnologiya nafaqat oqova suv tarmogʻining yangilanishiga, balki tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning ishlarini yengillashtirishga ham yordam beradi va eng muhimi, aholining yashash sharoitini yaxshilashga xizmat qilayotganidan xursandmiz, — deydi “Free Line group“ kompaniyasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi biznesni qoʻllab-quvvatlash bosh muhandisi Reyn Larsson. — Biz har haftada kamida bir marotaba “Zoom” platformasi orqali muloqot qilib mahalliy mutaxassislarning tizimda olib borilayotgan ishlardan xabardor boʻlib turibmiz.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, tumanda 5 ta KNS tipidagi eski nasoslar bir oyda 31,6 ming kilovatt elektr energiya sarflagan boʻlsa, yangi 6 ta KNS tipidagi nasoslar 21,6 ming killovatt elektr tokini isteʼmol qilib koʻproq natijaga erishilgan va 40 foiz kam elektr energiya sarflangan.

Tolibjon ERGASHEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?