“Paxtakor” – “Nasaf”. Yaqin yillarda qanday oʻyinlar boʻlib oʻtgan?
Bugun Oʻzbekiston Superligasining 29-turi doirasida Toshkentning “Paxtakor” klubi Jar stadionida Qarshining “Nasaf” jamoasini qabul qiladi. Ushbu bahs Superligadagi sovrinli oʻrinlar masalasini hal etishi bilan ham ahamiyatlidir.
Mazkur uchrashuv oldidan ushbu ikki jamoaning yaqin yillarda boʻlib oʻtgan eng muhim oʻyinlarini yodga olamiz.
“Nasaf” 3:0 “Paxtakor”
Oʻzbekiston Superligasining 2020-yilgi mavsumida Shota Arveladze boshchiligidagi “Paxtakor” asosiy taʼqibchisi “Nasaf”dan 12 ochkoga ilgarilab ketib chempion boʻlishni uddalaydi. Biroq Qashqadaryo klubi 24-turda chempionni oʻz maydonida qabul qiladi va yirik hisobda gʻalaba qozonib, muxlislari koʻz oʻngida mavsumni aʼlo darajada yakunlaydi.
Uchrashuvning 6-daqiqasida Sharof Muhiddinov hisobni ochadi. Ikkinchi boʻlimda Marko Stanoyevich va Akmal Mozgovoy ham oʻz hisobiga bittadan gol yozib qoʻyishni uddalaydi. Shu tariqa oʻyin 3:0 hisobi bilan Roʻziqul Berdiyev jamoasining gʻalabasi bilan yakunlanadi.
“Nasaf” 2:3 “Paxtakor”
2021-yilgi mavsum boshida “Paxtakor” va “Nasaf” Oʻzbekiston Superkubogi uchun oʻyinda ishtirok etadi va ushbu bahsda sherlar 1:0 hisobida gʻalaba qozonadi.
Oradan 4 kun oʻtib, endi ushbu jamoalar Superliganing dastlabki turida ham oʻzaro oʻyin oʻtkazadi. Qarshidagi Markaziy stadionda kechgan bahs poytaxt klubining irodali gʻalabasi bilan koʻpchilik xotirida qoladi.
Uchrashuvning birinchi boʻlimida Shohmalik Komilov hisobni ochadi. 61-daqiqada Shokir Yoʻldoshev “Nasaf”ning ikkinchi golini kiritadi.
Soʻnggi 20 daqiqa esa “Paxtakor” klubi gʻalabani ilib ketadi. Dastlab 72-daqiqada Sardor Rashidov penaltidan gol kiritib, hisobni qisqartiradi. 81-daqiqada Akmal Mozgovoy oʻz darvozasiga toʻp kiritib qoʻyadi. 87-daqiqada esa zaxiradan oʻyinga qoʻshilgan Ibrohimxalil Yoʻldoshev “Paxtakor”ning gʻalaba golini kiritadi.
“Paxtakor” 1:2 “Nasaf”
2021-yilgi mavsum Oʻzbekiston kubogi musobaqasining finaliga “Paxtakor” va “Nasaf” jamoalari yoʻl oladi. Oʻyin Samarqand shahridagi “Dinamo” stadionida boʻlib oʻtadi.
Finalda hisobni 28-daqiqada “Nasaf”ning sobiq futbolchisi Odil Hamrobekov ochadi. Oradan 5 daqiqa oʻtib, “Nasaf” yetakchisi Oybek Bozorov maydondan chetlatiladi. Ushbu holatdan soʻng, “Nasaf” klubining finalni yutish imkoniyatlari birmuncha kamayadi. Biroq Qarshi klubi shu kuni irodali gʻalabaga erishadi.
38-daqiqada Bahrom Abdurahimov hisobni tenglashtiradi. Ikkinchi boʻlimning 75-daqiqasida Gʻolib Gʻaybullayev “Nasaf”ning gʻalaba toʻpini kiritadi. Shu tariqa “Nasaf” klubi oʻz tarixida ikkinchi marta Oʻzbekiston kubogi musobaqasida gʻolib boʻladi.
“Paxtakor” 1:1 “Nasaf”
2024-yilning 29-may kuni Oʻzbekiston Superkubogi uchun oʻyin oʻtkaziladi. Bahsga “Bunyodkor” stadioni mezbonlik qiladi.
Oʻyinning 54-daqiqasida Dragan Cherran penaltidan hisobni ochadi. 80-daqiqada esa Sharof Muhiddinov muvozanatni tiklaydi.
Oʻyinning asosiy vaqti durang bilan yakunlangach, gʻolib nomi penalti zarbalarida aniqlanadi.
Seriyada esa “Nasaf” posboni Abduvohid Neʼmatov haqiqiy qahramonga aylanadi — u 3 ta penaltini qaytarib, oʻzi beshinchi zarbani ham aniq amalga oshiradi. Shu tariqa “Nasaf” Oʻzbekiston Superkubogi sohibi boʻladi.
“Paxtakor” 6:3 “Nasaf”
2024-yil mavsum Oʻzbekiston kubogi musobaqasining guruh bosqichida “Paxtakor” va “Nasaf” bir guruhdan joy olgan edi. Guruh bosqichining 3-turida “Nasaf” klubi Jar stadionida “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushdi. Ikkinchi turda Roʻziqul Berdiyev shogirdlari “OKMK” klubiga magʻlub boʻlgani uchun agar ushbu oʻyinda gʻalaba qozonolmasa, musobaqa bilan xayrlashishiga toʻgʻri kelardi. Amalda ham shunday boʻldi.
Uchrashuv “Paxtakor”ning 6:3 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Gʻoliblar tarkibida gollarga Igor Sergeyev (3 ta), Mahmud Muhammadjonov, Ibrohim Ibragimov va Dilshod Abdullayev mualliflik qildi. “Nasaf”ning javob gollari esa Stefan Cholovich, Akmal Mozgovoy va Husayn Norchayev hisobiga yozildi.
Shu tariqa boʻlgʻusi chempion asosiy raqibini guruh bosqichidayoq musobaqadan chiqarib yubordi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring