“Oʻzmilliybank” AJ Qoraqalpogʻiston Respublikasi filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi

16:03 05 Mart 2022 Jamiyat
908 0

Foto: Халқ сўзи

Nukus shahrida “Oʻzmilliybank” AJ Qoraqalpogʻiston Respublikasi filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan taqdimot marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bosh boshqarmasi boshligʻi, faxriy bank xodimlari soʻzga chiqib, iqtisodiyot lokomotivi hisoblangan bank muassasalari hududlarni ijtimoiy rivojlantirishda, yangi ish oʻrinlari hamda zamonaviy infratuzilmalarni yaratishda muhim oʻrin tutayotganini taʼkidladilar.

Jumladan, “Oʻzmilliybank” AJ Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali 1993-yili 20 nafar ishchi-xodim bilan oʻz faoliyatini boshlagan boʻlsa, bugungi kunga kelib 200 nafardan ziyod professional mutaxassislar bankning Nukus shahri, Qoʻngʻirot, Toʻrtkoʻl tumanlari filiallarida aholiga, xorijlik mehmonlar va investorlarga hamda yirik tadbirkorlik subyektlariga sifatli xizmat koʻrsatib kelmoqda. Shuningdek, Xoʻjayli, Chimboy, Amudaryo tumanlarida ushbu bankning xizmatlar markazlari ham ochilgan.

Mazkur filial tomonidan oxirgi uch yilning oʻzida Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻndan oshiq yirik loyihalar moliyalashtirildi.

— Bank filiali tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar samarasida mingdan ortiq fuqaro bandligi taʼminlandi, — deydi “Oʻzmilliybank” AJ Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali boʻlim boshligʻi Joʻrabek Saburov. — Filialda oʻtgan yil davomida jami 46,0 ming nafar mijozga bank xizmatlari koʻrsatildi. Shundan 43 mingdan ortigʻi jismoniy shaxslar va 2 mingdan ziyod yuridik shaxslar hisoblanadi. Jismoniy shaxslarning jami depozit qoʻyilmalari 90,1 mlrd.soʻmni tashkil etadi.

Toʻlov plastik kartochkalaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida joylarda 12 ta bankomat, 6 ta infokioska, 1451 ta savdo terminallari dislokatsiya qilingan. Bundan tashqari aholiga valyuta amaliyotlarida qulayliklar yaratish maqsadida Nukus shahri hududida 2 ta valyuta ayirboshlash shoxobchasi va 24/7 rejimda xizmat koʻrsatuvchi 2 ta bankomat ishlab turibdi.

Filialda zamonaviy innovatsion bank xizmatlari koʻrsatilishiga alohida ahamiyat qaratilgan. Bank mijozlarining 70 foizi masofadan boshqariladigan bank xizmatlaridan foydalanmoqdalar. Hisob raqamlarda bank aylanmalarini amalga oshirish, onlayn kredit rasmiylashtirish yoki kredit qarzdorligini qoplash, xalqaro va milliy plastik kartochkalarda xar qanday bank amaliyotlari hamda toʻlovlarni bajarish, omonat rasmiylashtirish, pul oʻtkazmalari shular jumlasidan

Prezidentimizning 2020-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzmilliybank” AJ Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali tomonidan hududiy investitsiya dasturi doirasidagi loyihalarga 101,3 mlrd.soʻm ekvivalentida kredit mablagʻlari ajratildi.

Misol uchun, Taxiatosh tumanida “Nayman Agro Teplica” MCHJning zamonaviy gidroponika usulida issiqxona kompleksini kengaytirish loyihasi uchun 1,9 mln. dollar miqdorida moliyaviy koʻmaklashildi. Hozirda issiqxonaning har gektaridan 120,0 tonna atrofida pomidor yetishtirilmoqda. Bu yerda 60 ta ish oʻrni yaratilgan.

Bank filialining ochilish marosimidan soʻng mehmonlar yangi binoda xodimlar va mijozlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Gʻ. Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?