“Oʻzga sayyoralik”lar sigaret qoldiqlarini tozalash bilan shugʻullanadi (+Video)

15:38 25 Iyul 2024 Dunyo
790 0

Foto: NewAtlas

Genuyadagi Italiya texnologiya instituti tadqiqotchilari plyajlar va bogʻlarda sigaret qoldiqlarini tozalashga yordam beradigan innovatsion robotni ishlab chiqdi.

“VERO” deb nomlangan robot yurish paytida sigareta qoldiqlarini vakuumli oyoqlari yordamida soʻrib oladi va atrof-muhit tozaligiga hissa qoʻshadi.

Qayd etilishicha, “VERO” “Unitree” kompaniyasining “AlienGo” platformasi asosida qurilgan va shu sababli ham ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu robotlarni “oʻzga sayyoralik” deb ham atashmoqda.

Ularning ishlash prinsip juda oddiy. Dastlab, robotga oʻrnatilgan maxsus sensor sigareta qoldiqlarini aniqlaydi, soʻngra oyoqlarga biriktirgan vakuumli shlanglar chiqindini soʻrib oladi. Ular sunʼiy idrok bilan jihozlangan boʻlib, mustaqil qaror qabul qila oladi.

Maʼlum qilinishicha, robot chiqindini aniqlash va uni yigʻishning eng yaxshi usulini rejalashtirish uchun ilgʻor texnologiyalardan, jumladan konvolyutsion neyron tarmogʻidan foydalanadi. Vizual yordam koʻrsatish tizimi, koʻrish datchigining fikr-mulohazasidan foydalangan “oʻzga sayyoralik”ning tozalash usuli anʼanaviy qoʻl mehnatiga nisbatan sezilarli darajada yaxshi ekanligi ham aniqlangan.

“VERO” amaliy sinovlarda ajoyib natijalar koʻrsata oldi. Robot turli muhitlarda sigaret qoldiqlarining qariyb 90 foizini muvaffaqiyatli yigʻdi. Bu samaradorlik inson mehnatidan qariyb 30 foizga koʻp deganidir.

“Robot charchamaydi va bunday zerikarli ishda mutlaq sabr-toqat bilan uzluksiz ishlashi mumkin”, deydi ixtirochilar.

Tadqiqotchilar ushbu “oʻzga sayyoralik”ni koʻp qirrali robotga aylantirish ustida ish olib bormoqdalar. Olimlar kelajakda bunday texnologik yutuqlarni qishloq xoʻjaligida begona oʻtlarni tozalash, savdo doʻkonlarida muddati oʻtgan mahsulotlarni aniqlashda ham foydalanishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq, sunʼiy intellekt yuzingizga qarab kasalliklaringizni aytib berishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер