“Oʻzbekning qorakoʻz bolalariga, bitta dunyo qolsin hayratlik...”

20:05 12 Sentyabr 2025 Jamiyat
145 0

12-sentyabr — Shavkat Rahmon tavallud topgan kun

Isteʼdodli va sohirnafas shoir Shavkat Rahmon bugun hayot boʻlganida 75 yoshni qarshilagan boʻlardi. U oramizda yoʻq boʻlsa-da oʻziga xos hamda otashin sheʼrlari bilan hamisha qalblarimizda yashaydi!

* * *

Hali biror ishni uddalamadim,

hali hech kimsani qilmadim rozi,

behuda oʻtibdi goʻzal umrimning

qanchalab chiroyli bahori, yozi.

Farogʻat borligin unutib qoʻydim,

bagʻrimga chaqinlar tegdi dafʼatan,

Sendan-da ulugʻroq narsa yoʻqligin

sochim oqarganda angladim, Vatan!

Buncha kech angladim,

nega muncha kech…

Anglasam loaqal oʻttiz yil avval,

loaqal tugʻilmay turib anglasam…

Koʻrgan boʻlarmidim seni mukammal.

Hali asl Vatan boʻlmogʻing uchun

ovozi toshlarni yorar kuychilar,

qanchalab sehrgar shoirlar kerak,

qancha bilim kerak,

qancha kuch-chidam.

Umrim koʻchkilarday jimjit,

shiddatli,

butkul tinmoq uchun bir kun bemalol

faqat yaxshi boʻlmoq judayam kamdir,

juda kamlik qilar yashamoq halol.

Naqadar kechikib angladim seni,

chaqinlar yoʻq qilsa meni dafʼatan,

ayt, qandoq chidayman bunday xoʻrlikka,

ayt, qandoq yotaman qaʼringda, Vatan!

Yosh oʻzbek shoirlariga

Soʻzlarni qayraylik, obdan toblaylik,

Idrok-la sovutib tagʻin qayraylik,

Oʻzbekning qorakoʻz bolalariga

bitta dunyo qolsin hayratlik.

Bitta dunyo qolsin mustahkam,

eshilgan poʻlatday daryolar qolsin,

chaqilmas toshlarday bir togʻlar qolsin,

musaffo xayollar, samolar qolsin.

Soʻzlarni qayraylik, doʻstlar, joʻralar,

gʻaflat toʻshagida yotmay, shoshaylik:

yashamoq, kurashmoq, oʻlmoq sirlarin

bolakaylar uchun ochaylik.

Bitta dunyo qolsin mustahkam,

unga posbon boʻlsin oʻtkir sheʼrimiz,

tokim bu daryolar bemalol oqsin,

bolalarga qolsin jannat yerimiz.

Soʻzlarni qayraylik, tagʻin qaraylik,

tokim keskir boʻlsin bamisli olmos,

oʻtkir soʻz qolmasa shoirlaridan,

oʻtkir soʻz qolmasa… hech narsa qolmas.

Oy sinigʻi

Oy sinigʻi toʻla suvloqqa

sharsharaday quyilar yollar.

Bu yollarni silar mehribon

shabadalar – maʼyus ayollar.

Koʻk yollarin suvga botirib

ne zamonki suv ichar otlar.

Atrofdagi koʻm-koʻk adirlar

oʻtovlarda botirlar yotar…

Biroq tunda oʻt-maysalarga

toʻkiladir kimning yoshlari?

Nega suvdan bechora otlar

koʻtarolmas ogʻir boshlarin?

Nima boʻlgan ularga axir

yo sehrlab qoʻyganmi suvloq?

Nega jimlik bosgan vohada

begʻam uxlar botirlar uzoq?

Hamal

Erib bitdi poyonsiz qorlar,

yana koʻhna zamin tulladi.

Vodiydagi ulkan oʻriklar

bir kechada oppoq gulladi.

Oq bulutlar yerga qoʻndimi,

moʻjizalar boʻldimi sodir?

Oh, naqadar ajoyib tunda

oq mashʼala ekilgan vodiy.

Endi safsar kechalarda oq

mashʼalalar tutib ulugʻvor

kengliklarda kezar chiroyli

kunduzlarni axtarib bahor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер