Oʻzbekning otashnafas shoiri

11:09 22 Fevral 2024 Madaniyat
316 0

22-fevral — Azim Suyun tavallud topgan kun

Azim Suyun oʻzbek sheʼriyatiga xalq ohanglari, tabiatning nafis tasviri bilan rang bergan, badiiy ijod anʼanalarini yangicha shakl va mazmun bilan boyitgan shoirdir.

Uning “Mening osmonim”, “Zarb”, “Zamin taqdiri”, “Xayolot”, “Ziyo yoʻli”, “Qora koʻzing sening”, “Sharq hikmati”, “Ey doʻst”, “Vatan fasllari”, “Muhabbat hayratlari” kabi bir qator kitoblari adabiyotimiz xazinasiga ulush oʻlaroq qoʻshilgan.

Shoir bugun oramizda emas, lekin bitiklari hamisha sheʼriyat muhiblari qalbida yashaydi.

VATAN

Oʻzimni tanidim, koʻklarda uchdim,

Momiq bulutlarning havosin ichdim –

Koʻzlarim toʻymadi, koʻzlardan kechdim.

Vatan! Ont ichmayman, qasam ichmayman,

Lekin ikki dunyo sendan kechmayman!

Olis dengizlarda suzdim baliqday,

Ofatijon sohil, yurdim xoliqday,

Dengizim yoʻq garchi, bezdim, toliqdim,

Vatan! Ont ichmayman, qasam ichmayman,

Lekin ikki dunyo sendan kechmayman!

Men kezmagan jannat bogʻlar qoldimi?

Oyogʻim yetmagan togʻlar qoldimi?

Ular jodusiga jon boylandimi?

Vatan! Ont ichmayman, qasam ichmayman,

Lekin ikki dunyo sendan kechmayman!

Aytib boʻlmas ekan dunyolar sirin,

Qalbda bir yapon qiz ismi yashirin.

Tojmahalda koʻzyosh toʻkkanlarim chin.

Vatan! Ot ichmayman, qasam ichmayman,

Lekin ikki dunyo sendan kechmayman!

Oh-oh, aylanayin boʻyingdan oʻzim,

Yuzim oʻzingdirsan, oʻzingsan koʻzim.

Senga qoʻshiqlarim koʻp erur mening.

Oʻlsam, quchogʻingda oʻlurman sening!

Vatan! Ont ichmayman, qasam ichmayman,

Lekin ikki dunyo sendan kechmayman!

* * *

Ey doʻst!

Koʻngul bir musofir, siylagan uni,

Men siyladim jonon bilan bir kuni.

Vo ajab! Oʻshandan buyon tinchim yoʻq,

Goh uni istaydi, goh istar buni.

* * *

Ey doʻst!

Koʻrdimki, bul kecha tongda uygʻonib,

Yor yuzi otashday turardi yonib.

Dedim: “Atirgulday choʻgʻlanmoq nechun?»

Dedi: “Atirgulim suv ichgan qonib”.

* * *

Ey doʻst!

Maʼshuq bagʻridagi oshiqdek xushman,

O, chindan ham shunday, sarxush, behushman.

Huzurimga kelgan yorim bu oqshom,

Ket! Ket! Gulzor aro bir poshsho qushman.

* * *

Ey doʻst!

Qoʻl siltadim bu dunyo gʻurbatiga,

Qalbi kesak raqiblar gʻiybatiga.

Ketdim-ketdim bir qadah may simirib,

Pari-paykar, jononlar suhbatiga.

* * *

Ey doʻst!

Tabiblar koʻp erur, dorilar bisyor,

Ular na darkordir, garchi men bemor.

Yolgʻon kulib, yolgʻon yigʻlab netaman,

Kifoya yonimga kirib kelsa yor.

* * *

Ey doʻst!

Tunda chorlagandik biz yorimizni,

Koʻzdan nihon tutib xumorimizni.

Yor chikqach, o, zulmat ketdi yorishib,

Oshkor kilib qoʻydi asrorimizni.

* * *

Ey doʻst!

Dunyo noraso jang-jadallar bilan,

Gʻamu anduhlaru ajallar bilan.

Dam gʻanimat, jonon bilan suhbat qur,

U raso boʻlgaydir goʻzallar bilan!

* * *

Ey doʻst!

Muhabbatning jodulari dogʻulidir,

Lutfu karam, makrlari ogʻulidir.

Lekin meni oʻldirsa ham oʻldirsin ul,

Garchi oʻlim yoʻli doim qaygʻulidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер