Oʻzbekistonlik soʻnggi bokschi qiz ham Olimpiadani tark etdi. Qizlar oʻrtasidagi boksda medalsiz qoldik

01:17 04 Avgust 2024 Sport
1434 0

Fransiya poytaxtida oʻtkazilayotgan yozgi Olimpiada oʻyinlarida oʻzbek sportchilari oʻz yurishlarini davom ettirmoqda.

Ayollar oʻrtasidagi 66 kggacha boʻlgan vazn toifasidagi boks janglarida hamyurtimiz Navbahor Hamidova ishtirok etdi.

Yurtdoshimiz chorak finalda 2018-yilgi jahon chempioni, Xitoy Taipeyi vakili Chen Niyen Chin bilan bahs olib bordi.

Birinchi raundda 1:4 yutqazgan sportchimiz, ikkinchi raundda 4:1 hisobida yutib oldi, ammo soʻnggi raunddagi faollik evaziga raqibasi qiyin gʻalabaga erishdi.

Qayd etish kerakki, Navbahor Olimpiadaning ayollar boksidagi soʻnggi vakilasi edi. Shu tariqa, toʻrt nafar bokschi qizimiz oʻzlarining muhim turnirini yakunladi.

«Xalq soʻzi» Navbahor Hamidova va boshqa bokschi qizlarimizga keyingi turnirlarda muvaffaqiyat tilaydi.

Avvalroq, «erkaklikda gumon qilingan» bokschidan yutqazgan Sitora Turdibekovaga IBA 100 ming AQSH dollar berishi haqida xabar berilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?