Oʻzbekistonlik talabalar uchun “praktika”ni elchixona, konsulxona va xalqaro tashkilotlarda oʻtash imkoniyati yaratiladi 

17:00 03 Sentyabr 2021 Jamiyat
1040 0

Hukumat qarori (551-son, 31.08.2021-y.) bilan Oliy taʼlim muassasalarida xalqaro munosabatlar sohasida tahsil olayotgan talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Nizomga koʻra, amaliyot OTM tomonidan ishlab chiqiladigan hamda qabul qiluvchi tashkilot bilan kelishiladigan dastur asosida tashkil etiladi.

Amaliyot bir oʻquv yilida bir marta 10 kundan kam boʻlmagan va 30 kundan koʻp boʻlmagan muddatlarda oʻtkaziladi. 

Amaliyot 2 bosqichda amalga oshiriladi. 

Birinchi bosqichda OTM tomonidan xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirgan iqtidorli 3-kurs talabalarining roʻyxati tuziladi hamda ularga berilgan tavsiyanomalar bilan birga har yili 1-iyuldan kechikmagan holda, Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etiladi. 

Saralab olishda talabalardan:

- CEFR tizimining kamida S1 darajasiga mos keladigan chet tilini bilish toʻgʻrisidagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi;
- umumiy reyting (oʻzlashtirish) koʻrsatkichlari 80 ball va undan yuqori boʻlishi, fanlardan qarzdorligi mavjud boʻlmasligi talab etiladi.

Ikkinchi bosqichda nomzodlar Tashqi ishlar vazirligida qabul qiluvchi tashkilot talablari va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda taqsimlanib, 20-iyulgacha suhbatdan oʻtkaziladi. 

Amaliyotni oʻtash davrida talabaning belgilangan tartibda stipendiya olish huquqi saqlab qolinadi.

Oʻzbekistonning xorijdagi muassasalari deganda – Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari yoki xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari;

Xalqaro munosabatlar deganda – “Siyosatshunoslik”, “Xalqaro munosabatlar”, “Xalqaro iqtisodiyot va menejment (mintaqalar va faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha)”, “Yurisprudensiya (xalqaro huquqiy faoliyat)”, “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik (mamlakatlar va mintaqalar boʻyicha)” hamda “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar (mintaqalar va faoliyat turlari boʻyicha)” bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari tushuniladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?