Oʻzbekistonga kirish uchun elektron vizani 3 kunda rasmiylashtirish imkoni yaratiladi

12:39 07 Fevral 2025 Siyosat
186 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident xizmatlar sohasida raqobatbardoshlikni oshirish bevosita hudud va tarmoqlarni raqamlashtirish darajasi bilan bogʻliqligini taʼkidladi.

Kadastr agentligiga koʻchmas mulk manzillarining yagona reyestrini tez fursatda oxiriga yetkazish, Transport vazirligiga barcha turdagi yoʻlovchi transportiga chipta olish imkonini beradigan yagona platformani ishga tushirish kechikayotgani koʻrsatib oʻtildi.

“Takror aytaman. Qaysi rahbar raqamlashtirishni kechiktirsa – ochiqlik siyosatimizga qarshi chiqqan boʻladi”, dedi Prezident.

Vazirlar Mahkamasiga har bir vazir va hokimga raqamlashtirish boʻyicha alohida KPI, aniq vazifa va muddatlarni belgilab berish topshirildi.

Misol uchun, Turizm qoʻmitasi turistlar mehmonxona, dam olish maskanlarini “bron” qilish, avia va temir yoʻl, muzey, teatrga chipta sotib olish, gid va tarjimonlarni yollash kabi xizmatlarni masofadan turib olish imkonini beradigan yagona platformani ishga tushirishi lozim.

Yoki, Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari Oʻzbekistonga kirish uchun elektron vizani 3 kunda rasmiylashtirish imkonini yaratishi kerak.

Servisni rivojlantirishda qulay transport infratuzilmasi juda muhim.

Oʻtgan yili transport xizmatlari 8,6 foizga oʻsib, 145 trillion soʻmni tashkil qildi. Lekin, yuqori iqtisodiy oʻsish uchun bu yetarli emasligi qayd etildi.

Mahalliy ekspeditorlarni xalqaro tashishdagi ulushini oshirish uchun ular QQS toʻlashdan ozod etildi. Buning hisobiga Transport vazirligi mahalliy korxonalar ulushini bu yil 25 foizga, 2026-yilda 50 foizga olib chiqishi zarur.

“Yevro-5” va undan yuqori ekologik talabga mos yuk avtomobillari yana 3-yilga bojxona boji va utilizatsiya yigʻimidan ozod qilinishi belgilandi.

Xususiy aviakompaniyalar bilan ishlab, Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus, Termizga aviaqatnovlarni 2 karra oshirish, bu yil 15 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatib, aviatsiya xizmatlari hajmini kamida 20 foizga oshirish zarurligi qayd etildi.

Yigʻilishda Toshkent shahridan Yangiyoʻl, Chinoz va Sirdaryo tumanlariga qatnaydigan zamonaviy elektropoyezd harakatini yoʻlga qoʻyish ishlarini jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Hozirda temir yoʻl xizmatlari eksportining 50 foizi tranzit yuk tashishga toʻgʻri kelmoqda.

Bu borada 2030-yilga borib, tranzit yuk hajmini 22 million tonnaga yetkazish reja qilingan.

Shu bois mutasaddilarga 72 ta zamonaviy yoʻl boʻyi servis obyektlarini qurish uchun avtomobil yoʻllari yoqasidagi boʻsh yerlarni tadbirkorlarga berib, ishga tushirish topshirildi.

Yirik multimodal logistika markazlari sonini 2 karra koʻpaytirish boʻyicha uch yillik dastur qabul qilib, ishlarni boshlash vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер