Oʻzbekistondagi tijorat banklarining jami aktivlari miqdori 690 trln soʻmdan oshdi

07:36 23 Iyul 2024 Iqtisodiyot
120 0

Markaziy bank aktivlar miqdori boʻyicha guruhlashtirilgan tijorat banklari faoliyatining alohida koʻrsatkichlarini eʼlon qildi.

Qayd etilishicha, 2024-yil 1-iyul holatiga Oʻzbekistondagi 35 ta tijorat bankining jami aktivlari 690,4 trillion soʻmni tashkil etgan. Yil boshida bu koʻrsatkich 652,1 trillion soʻm, oʻtgan 2023-yil iyulida 576,6 trillion soʻm boʻlgan.

Joriy oy avvalida 12 ta bank aktivlari 3 trillion soʻmgacha, 7 tasiniki 3 trillion soʻmdan 10 trillion soʻmgacha, 9 tasiniki 10 trillion soʻmdan 30 trillion soʻmgacha boʻlgan. Eng yirik 7 ta bank aktivlari (har birining aktivi 30 trillion soʻmdan yuqori) 470,6 trillion soʻmni tashkil etgan.

Hisobot davrida respublikadagi 35 ta bank tomonidan ajratilgan jami kreditlar miqdori 493,9 trillion soʻm boʻlgan. Yanvarda bu raqam 471,4 trillion soʻm edi.

Iyul avvalida barcha banklar tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar 161,1 trillion soʻmni tashkil etgan. Shundan 101,3 trillion soʻmi eng yirik 7 ta bank hissasiga toʻgʻri kelgan.

Yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar miqdori esa 332,9 trillion soʻmga yetgan. Bunda ham yuqori koʻrsatkichni eng katta 7 ta bank (249,4 trillion soʻm) qayd etgan.

Umuman olganda, banklar ajratgan kreditlarning asosiy qismi — 428,4 trillion soʻmi uzoq muddatga yoʻnaltirilgan. Shundan milliy valyutadagi kreditlar 277,2 trillion soʻm, xorijiy valyutadagi kreditlar 216,7 trillion soʻm.

Iyul oyi boshida respublikadagi barcha tijorat banklarining umumiy kapitali 104,1 trillion soʻmni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, bu koʻrsatkich yanvar oyida 97 trillion soʻm, 2023-yil 1-iyulida 86 trillion soʻm boʻlgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер