Oʻzbekistonda vaqtinchalik ishsizlar uchun nafaqa toʻlanadi — Qonun loyihasi

15:47 30 Iyul 2024 Hujjatlar
689 0

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasining maqsadi davlat ijtimoiy sugʻurtasi tizimi, uni tashkil etish hamda davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻlovlarini toʻlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qonun loyihasi bilan davlat ijtimoiy sugʻurta boʻyicha toʻlanadigan “kasallik” (ishchilarning betobligi sababli mehnatga layoqatsizligi davri uchun), “dekret” (ayollarning tugʻruqqacha va tugʻruqdan keyingi davri uchun) va “ishdan boʻshatish nafaqasi” (fuqarolarning vaqtincha ishsizligi davrida) tartibladi.

Shuningdek, qonun loyihasida Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan aholini sugʻurtalash tizimi joriy etilishi belgilanmoqda.

Maʼlum boʻlishicha, inson hayoti va faoliyati davomida vaqtincha mehnat qobiliyatini yoʻqotganida (oʻzi yoki farzandi kasal boʻlganida, qisqa davolanishda, tugʻruq davrida) yoki ishsiz qolganida ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanadi.

Qonun loyihasi bilan mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshirilishi belgilanmoqda. Xususan, birinchi bosqichda 2025-yil 1-iyuldan boshlab barcha sugʻurtalangan ayollarga, ularning bandlik va mehnat faoliyati turi, sugʻurtalash manbasidan qatʼiy nazar, homiladorlik va tugʻish nafaqasi toʻlab beriladi.

Ikkinchi bosqichda esa 2026-yil 1-yanvardan barcha sugʻurtalangan jismoniy shaxslarga, ularning bandlik va mehnat faoliyati turi, sugʻurtalash manbasidan qatʼiy nazar, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi toʻlab beriladi. Keyin esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga asosan sugʻurtalangan shaxslarga ishsizlik nafaqasi va boshqa turdagi toʻlovlar joriy etiladi.

Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi faoliyat turidan qatʼiy nazar ishlayotgan xodimlarga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, homiladorlik va tugʻish nafaqasi hamda ishdan boʻshatish nafaqasini toʻliq toʻlanishiga, ijtimoiy faol aholining kambagʻal oilalar toifasiga tushib qolishining oldini olishga xizmat qiladi.

Muhokamalarda qonun loyihasini yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish boʻyicha qator takliflarni ilgari surdi. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Avvalroq, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Tashabbusli byudjet” doirasida bir mahalla qayta-qayta gʻolib deb topilmasligi muhokama qilingandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер