Oʻzbekistonda tadbirkorlar yer sotib olishida yengilliklar beriladi

18:36 20 Avgust 2024 Iqtisodiyot
222 0

Oʻzbekistonda tadbirkor auksiondan yer sotib olganda unga qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblash bekor qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Nukusda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda aytib oʻtdi.

Yer bozori shakllanishi taʼsirida yangi investisiya loyihalarida yer sotib olish xarajatlari keskin oshayotgani qayd etildi. Tadbirkor yerga buncha katta xarajat qilgandan keyin qurilish, texnika va uskunaga mablagʻi yetmay qolayapti. Shu sababli endilikda tadbirkor auksiondan yer sotib olganda unga qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblash bekor qilinadi.

Toshkent shahri va viloyat markazlarida sotilgan yer boʻyicha xarid summasini uch yilgacha, qolgan hududlarda besh yilgacha, 4 va 5-toifa tumanlar uchun esa oʻn yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi. Endi tadbirkorlar darhol toʻlov qilaman desa, 20 foizgacha chegirma beriladi.

Shuningdek, yirik loyihalarda yer qiymatini tadbirkor ustav fondiga davlat ulushi sifatida kiritishi mumkin boʻladi. Tadbirkor istagan paytda bu ulushni oʻzi sotib olishi mumkin. Bu orqali shu yilning oʻzida tadbirkorlar ixtiyorida 3 trillion soʻm qoladi.

Qanchadan-qancha tadbirkorlar yeri yoʻqligi uchun yangi loyiha qila olmayotgani qayd etildi. Aksincha, “auksiondan sotib oldim, endi meni mulkim” deb, yerni qarovsiz tashlab qoʻygan “uddaburonlar” ham koʻpligi koʻrsatib oʻtildi.

“Yer — eng cheklangan resursimiz va u doim iqtisodiy naf keltirishi kerak”, dedi prezident.

Shu bois, yangi yerlarni ajratishda binolarni loyihalashdan obyektni topshirishgacha boʻlgan muddatlar majburiy koʻrsatiladi.

Bunda qurilish davriga yer soligʻi boʻyicha 50 foiz imtiyoz beriladi (viloyat markazlaridan tashqari). Qurilishga ruxsat olish muddati davlat organi aybi bilan oʻtkazib yuborilsa, qurilish vaqti shu muddatga uzaytirib beriladi. Muddatida boʻlmasa, yer sud orqali qaytarib olinadi yoki boshqa tadbirkorga sotiladi.

Qishloq va noqishloq joylarda yer fondi doirasida bir faoliyatdan boshqasiga oʻzgartirish tartibi aniq belgilanmagan. Masalan, bogʻ oʻrnida issiqxona qilaman, degan tadbirkor ishni nimadan boshlashni, kimga murojaat qilishni bilmaydi. Yoki, tadbirkor oʻz bogʻida tomchilatib sugʻorish uchun hovuz, kichik sigʻimli saralash va saqlash omborini qura olmaydi. Shu bois, har bir yer uchastkasi uchun asosiy faoliyat turini qaysilariga almashtirish mumkinligi, qanday yordamchi inshootlarni joylashtira olishi aniq belgilab beriladi.

Buning uchun, 1-yanvardan yer uchastkalari va kapital qurilish obyektlarining yagona klassifikatori joriy etiladi. Shuning hisobiga tadbirkorlar bir yilda oʻz yeriga 800 milliard soʻmlik investitsiya kiritadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер