Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi
Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Oʻzbekistonning sunʼiy intellektni joriy etishga tayyorligini baholash boʻyicha YUNESKOning tadqiqot loyihasi (Readiness Assessment Methodology) natijalari taqdimoti oʻtkazildi.
Tadbir davomida xalqaro va milliy ekspertlar tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotning asosiy natijalari namoyish qilindi. Loyiha natijalarini sunʼiy intellekt etikasini va uni joriy etishga tayyorlik yoʻnalishini nazorat qiluvchi YUNESKO xalqaro eksperti Mark Anton Dilhak taqdim etdi.
Taqdimotda taʼkidlanganidek, mamlakatimizda sunʼiy intellektni keng joriy etish va rivojlantirish boʻyicha tizimli islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni zamonaviy texnologiyalarni jadal rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, sunʼiy intellektni keng joriy etish uchun qulay sharoitlar yaratish, sohaga qoʻshimcha investitsiyalarni jalb qilish va malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida qabul qilingan.
Ushbu hujjatga muvofiq, 2026-yil yakuniga qadar davlat boshqaruvi organlari, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha kamida 100 ta loyiha amalga oshiriladi. 2030-yilga qadar esa sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga 1 milliard AQSH dollaridan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi. Shuningdek, 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta va oliy taʼlim tizimida sunʼiy intellekt texnologiyalarini oʻqitish boʻyicha mavzular kiritiladi. 2026-yil yakuniga qadar oliy taʼlim muassasalarida 15 ta sunʼiy intellekt laboratoriyasi ishga tushiriladi.

Farmonga koʻra, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, xorijdagi vatandoshlar va chet ellik mutaxassislar ishtirokida Maslahatlashuv kengashi tashkil etiladi.
2025-yil yakuniga qadar sunʼiy intellekt sohasidagi loyihalar, dasturlar va startaplar haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi “ai.gov.uz” milliy portali ishga tushiriladi.
2026-yildan boshlab yoshlarda sunʼiy intellektga qiziqishni oshirish maqsadida Prezident sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovi oʻtkaziladi.
Mazkur tadbirga davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar va sunʼiy intellekt sohasidagi yetakchi mutaxassislar taklif etilgan boʻlib, ular tadqiqot xulosalarini muhokama qildilar hamda Oʻzbekiston va YUNESKO oʻrtasida sunʼiy intellektning masʼuliyatli va etik rivojlanishini yanada kuchaytirish istiqbollarini koʻrib chiqdilar.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring