Oʻzbekistonda qurol uchun ruxsatnoma qanday olinadi?
Ushbu savolga Norma manbasi quyidagicha javob berdi:
“Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 26.12.2020-yildagi “Qurol muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 810-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan qurol va uning oʻq-dorilari muomalasi sohasida ruxsat berishga doir talablar va shartlarni, shuningdek ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish, uning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish hamda ruxsat berishga doir talablar va shartlarga rioya etilishini nazorat qilish tartibini nazarda tutuvchi quyidagi nizomlar tasdiqlandi:
Yuridik shaxslarning qurol va uning oʻq-dorilari muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va chet el fuqarolarining qurol va uning oʻq-dorilari muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Ushbu qaror kuchga kirganidan keyin uch oy ichida “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslardagi mavjud pnevmatik qurollar ichki ishlar organlarida roʻyxatga qoʻyiladi.
Quyidagilar qurol muomalasi sohasida harakatlarni amalga oshirish uchun ruxsat berishga doir asosiy talablar va shartlar hisoblanadi:
fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish, jamoat tartibi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi qonun va normativ hujjatlarga, yongʻinga qarshi, ekologiya, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishini taʼminlash;
qurol va uning oʻq-dorilarining but saqlanishini taʼminlash;
“Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunning 7 va 9-moddalari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik;
qurolning individual (turi, xili, modeli, zavod seriyasi va raqami, chiqarilgan yili), uning oʻq-dorilarining esa jamlanma (turi, kalibri, partiyasi va miqdori boʻyicha) hisobini yuritish, ularning mavjudligini, kirim-chiqimi hamda foydalanish uchun berish-qabul qilib olishni nazorat qilib borish, shuningdek buxgalteriya hujjatlarini 10 yil mobaynida saqlash;
qurol va uning oʻq-dorilari sohasida harakatlarni bajarish va faoliyatni amalga oshirishga bevosita bogʻliq ishlarga jalb etilayotgan xodimlar orasida 18 yoshga toʻlmagan, shuningdek doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslar boʻlmasligini taʼminlash va boshqalar.
Qurol va uning oʻq-dorilari muomalasi sohasida aniq harakatlarni bajarish va (yoki) muayyan faoliyatni amalga oshirishda ruxsat berishga doir qoʻshimcha talablar va shartlarga quyidagilar kiradi:
a) fuqaroviy, xizmat va kolleksiyalash quroli va uning oʻq-dorilarini olish boʻyicha:
- mamlakat hududida qurol va uning oʻq-dorilarini faqat ularni realizatsiya qilish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar orqali olish;
- qurol va uning oʻq-dorilari olingandan (yoki realizatsiya qilingandan) soʻng 10 kun muddatda ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun hujjatlarni taqdim etish;
b) fuqaroviy, xizmat va kolleksiyalash quroli va uning oʻq-dorilarini saqlash boʻyicha:
- jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash uchun zarur moddiy-texnik bazaning va uskunalarning mavjudligi;
- oʻrnatilgan signalizatsiya vositalari Milliy gvardiyaning texnik qoʻriqlash markaziga ulanishini taʼminlash va boshqalar.
Shuningdek Nizomda ruxsatnomalarni rasmiylashtirish sxemasi, ruxsatnomalar olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati keltirilgan, ularni berishni nazorat qilish tartibi, ruxsatnomalar reyestrini yuritish tartibi belgilangan.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 28.12.2020-yildan kuchga kirdi".
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring